Maʼlumot uzatish va axborot almashinuvi
Dolzarb mavzu
FAVQULODDA VAZIYATLARDA TEXNIKADAN SAMARALI FOYDALANISH VA BOSHQARUVNI TASHKIL ETISHDA ZAMONAVIY YONDASHUV
Oʻzbekiston Respublikasi FVV Akademiyasida kecha “Favqulodda vaziyatlarda texnikadan samarali foydalanish va boshqaruvni tashkil etishda zamonaviy yondashuv: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.
Anjumanda favqulodda vaziyatlarda texnikadan samarali foydalanish va boshqaruvni tashkil etish yoʻnalishida respublikamizdagi mutasaddi vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi FVV Qutqaruv kuchlari xizmatini va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishni tashkil etish bosh boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda xarakat qilish davlat tizimi hamda fuqaro muhofazasining tashkiliy taʼminoti va rejalashtirish bosh boshqarmasi rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand Avtomobil zavodi hamda Oʻzbekiston Respublikasi OOO INTERNATIONAL IMPEX TRADING maʼsul xodimlari hamda Akademiya professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Ilmiy-amaliy anjumanni oʻtkazishdan asosiy maqsad – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida xalqimiz xavfsizligini taʼminlashni yangi bosqichga koʻtarish zarurligi bilan bogʻliq belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, hayotiy faoliyat xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, amaliy hamkorlikda innovatsion gʻoyalar va ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
Tadbirni Akademiya boshligʻi, general-polkovnik Qobul Berdiyev Raimovich ochib, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan ishlab chiqilgan va qabul qilingan 2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi izchil amalga oshirilayotganligini, oliy taʼlim muassasalarida innovatsion va texnologik gʻoyalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar koʻrilayotganligini alohida taʼkidladi.
Anjumanda eʼtirof etilganidek, mamlakatimizda hayotiy faoliyat xavfsizligini taʼminlash masalasi kompleks xarakterga ega boʻlib, uni yuqori darajada mustahkamlash, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bir qatorda, jamiyatimizning har bir aʼzosidan innovatsion yondashuvni, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar yaratishni taqozo etadi. Davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya boʻlmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish boʻlmaydi. Bu sohadagi oʻzgarishlarni xalqimizga keng targʻib qilmasak, odamlarda koʻnikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam boʻlolmaymiz”.
Anjumanda soʻzga chiqqanlar tomonidan Anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori texnologiyalarga ega boʻlgan rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasidan kelib chiqib, innovatsiyalar va innovatsion faoliyat takomillashtirish, hamda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari sohasida hamkorlikni kengaytirish, hayotiy faoliyat xavfsizligini taʼminlash tizimiga ixtirolar va ilmiy ishlanmalar, yutuqlarni samarali tatbiq etish maqsadida mavjud ilmiy-texnik salohiyat va imkoniyatlardan foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni faollashtirish lozimligini alohida qayd etildi.
Anjuman doirasida tashkillashtirilgan 3 ta yoʻnalish boʻyicha shoʻbalarda yongʻin-qutqaruv texnikalarining namoyishi, kursantlar tomonidan yaratilgan ishlab chiqarish va qurilish, yongʻin xavfsizligini taʼminlash sohalaridagi innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar boʻyicha innovatsion dastur va maketlar taqdimot qilindi va ishtirokchilar tomonidan yaratilgan ixtirolarning namoyishi oʻtkazildi, shu bilan birga zamonaviy yongʻin oʻchirish texnikalari va maxsus-avariya qutqaruv mashinalari, asbob-anjomlari va vositalari bilan yaqindan tanishtirildi.
— Umuman olganda, Yangi Oʻzbekistonda yangicha fikrlaydigan zamonoviy oʻz kasbining yetuk mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan ushbu ilmiy-amaliy anjuman qatnashchilari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va nuqtai nazarlar turli tajribalarni umumlashtirish hamda shu asosda takliflar ishlab chiqish imkonini berdi deydi, — polkovnik Dilshod Toxtamuratov — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi kursantlarining sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va roʻy bergan yongʻin va boshqa talofatlarda zamonoviy yongʻin-qutqaruv texnikalaridan samarali foydalanishni, yongʻin va boshqa talofatlar paytida insonlarni qutqarish asbob va anjomlarning qoʻllanishdagi yangicha usullarini hamda ularni qoʻllanilishini va xavfsizlikni taʼminlashdagi bilim va koʻnikmalarini yanada oshirishga qaratilgan boʻlib, FVVning yongʻin qutqaruv boʻlinmalari shaxsiy tarkibini yongʻin va tabiiy ofatlar roʻy berganida boshqarishning zamonoviy usullarini qoʻllash yaʼni maʼlumot uzatish va axborot almashinuvi kabi vazifalarni kursantlar tomonidan oʻzlashtirib olishlari tashkil etildi.
Farhodjon XOJAYEV,
Akademiya katta oʻqituvchisi,
kapitan.