“Ma’rifat” gazetasi: kecha va bugun
“ Ma’rifat ” gazetasi: kecha va bugun
“Ma’rifat” gazetasi bu yil o‘zining 90 yillik yubileyini nishonlamoqda. Xalq ziyolilari gazetasi deya nom qozongan otaxon nashr hozirgi mavqeiga erishgunga qadar uzoq tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan.
1931-yil 4-iyulda O‘zbekiston maorif xalq komissarligi va markaziy qo‘mita kengashining nashri sifatida “Madaniy inqilob” nomi bilan chiqa boshladi va 1934-yil 45-sonigacha chop etildi. Yillar o‘tishi bilan gazeta ta’lim sohasini yana ham kengroq qamrab oldi.
Gazeta 1938 - yil 2 - iyul sonidan “O‘qituvchilar gazetasi” nomi bilan chiqa boshladi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganligi munosabati bilan 1942–1945-yillarda faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Urush tugagach, 1946 yildan faoliyatida davom etdi. Og‘ir sharoit bo‘lganligi bois dastlab 10-11 - kunda bir marta, avgust oyidan boshlab esa har haftada chop etildi. 1947-yildan haftasiga bir marta muntazam nashr etila boshlandi.
1991-yil 4-iyulda gazeta o‘zining 60 yillik yubileyini nishonlagan kuni “O‘qituvchilar gazetasi” “Ma’rifat” nomi bilan xalq ziyolilarining nashri sifatida ilk bor o‘z muxlislari qo‘liga yetib bordi. Gazeta hozir O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi muassisligida faoliyat yuritadi.
Yurtimizdagi yetakchi matbuot nashrlaridan biri sifatida tan olingan “Ma’rifat” gazetasi jurnalistlar uchun ham mahorat maktabi sanaladi. Ilgari ham, hozir ham jurnalistikaga qadam qo‘yib kelayotgan yosh qalamkashlarning aksariyati ushbu tahririyatda ustoz muharrirlardan tajriba o‘rganib kelishgan.
“Ma’rifat” maktabining vakillari, xususan, Abdusamad Rahimov, Ikrom Bo‘riboyev, Baxtiyor Yoqubov, Botirjon G‘ofurov (Prezident Administratsiyasi), Sharofiddin Musayev (Vazirlar Mahkamasi), Faxriddin Karimov va Sherali Nishonov (Prezident Administratsiyasi huzuridagi AOKA), Sherzod Ahmatov (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) martabali dargohlarda faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda. Bundan tashqari yana ko‘plab “Ma’rifat”da kamol topgan ijodkorlar bugun yetakchi nashrlarda bosh muharrir, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelishmoqda.
Gazetaning 1991-yili “Ma’rifat” nomi bilan chiqa boshlagan kezlaridan hozirga qadar Ahmadjon Dolimov, Sa’dulla Hakimov, Halim Saidov, Abdusamad Rahimov bosh muharrirlik vazifasida ishlab kelishdi. Hozirda gazeta bosh muharriri Husan Nishonov.
Bugungacha “Ma’rifat” har uch muassisning olib borayotgan ta’lim islohotlari mazmun-mohiyati va soha yangiliklarini keng jamoatchilikka yetkazish, mavjud yutuqlarni yuzaga chiqarish, muammolarni tahlil qilib, bartaraf etish yo‘li bilan ta’lim rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda.
“Ma’rifat” gazetasi ko‘p yillardan buyon o‘qituvchilarning yaqin hamkori, uslubiy yordamchisiga aylanib ulgurgan. Gazetada muallimlar uchun kerakli metodik qo‘llanmalar, tavsiya, dars va tadbir ishlanmalari, ta’lim-tarbiyaga oid amaliy takliflar, tahliliy, tanqidiy va ilmiy-ommabop maqolalar, adabiy-badiiy asarlar chop etiladi.
Ilg‘or o‘qituvchilarning ish tajribalarini ommalashtirish, muallimlarning yangiliklar va mavjud jarayon haqidagi fikr-mulohazalari, muammolarini yoritishda ham “Ma’rifat” bir vositachi hisoblanadi.
2019 - yildan boshlab “Ma’rifat” respublika bosma nashrlari orasida birinchilardan bo‘lib to‘liq lotin alifbosida chop etib kelinmoqda.
Hozirda gazeta o‘zining elektron sayti ( http://www.marifat.uz ) , telegram kanali ( https://t.me/marifatziyo ) va ( https://t.me/marifatmushtariylari ) guruhi, facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘z sahifasiga ega. Gazetxonlarga qulay bo‘lishi uchun, respublika bosma ommaviy axborot vositalari orasida birinchilardan bo‘lib gazetaning mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan.