Maktablar reytingi e’lon qilindi
Bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida umumtaʼlim maktablari reytingini eʼlon qilishga bagʼishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda mutasaddi tashkilot vakillari, soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining har yili tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingini tuzish, hokimlar hamda ularning taʼlim va tarbiya masalalari maslahatchilari faoliyatini maktablar reytingi orqali baholash bo'yicha bergan topshirig'i ijrosi haqida atroflicha maʼlumot berildi. Unga ko'ra, 14 ta hududdagi 207 ta tuman (shahar)larda joylashgan 9622 ta maktablar faoliyati asosida 2020-yil yakunlari bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar) kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi hamda tuman va shaharlarning taʼlim sifati bo'yicha reytingi namoyish etildi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, reyting mezonlarini belgilashda xalqaro tajriba (Finlyandiya, АQSh, Janubiy Koreya, Rossiya) hamda mahalliy ustuvor masalalarga alohida eʼtibor berilib, 4 ta yo'nalishda 8 ta indikator belgilangan. Uning natijalariga ko'ra, hududlar reytingida eng yuqori oʼrinlarni Navoiy, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri egallagan bo'lsa, eng oxirgi o'rinlarda Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari turibdi.
Bitiruvchilarning oliy taʼlimga o'qishga kirishi va o'rtacha to'plagan ballari bo'yicha tuman va shaharlar miqyosida eng yuqori beshlikka Navoiy shahri (31,3%, 79,5 ball), Uchquduq tumani (25,8%, 65,7 ball), Zarafshon shahri (25,8%, 71,2 ball), Qorovulbozor tumani (25,6%, 69,6 ball) va Qiziltepa tumani (24,28%, 69,8 ball) kirgan. Matematik savodxonlik bo'yicha esa 41 311 nafar o'quvchi ishtirok etib, shundan 7 814 nafari (18,9%) ijobiy natija qayd etishdi. O'tgan yilga nisbatan matematik savodxonlik darajasi 7% ga oshgan. Sariosiyo tumani (94,7%) 1-o'rin, Guliston tumani (54,4%) 2-o'rin, Аrnasoy (52,8%) va Qiziltepa (52,8%) tumanlari 3-o'rinni band etgan.
Bunday tahlillarning natijasida reytingda past natija ko'rsatgan maktablar va hududlar uchun maxsus uslubiy yordam ko'rsatish, ularda taʼlim sifatini yaxshilash bo'yicha yo'l xaritalari ishlab chiqish va har chorakda monitoringi olib borish, yuqori natija ko'rsatgan maktablar tajribasini ommalashtirish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko'zda tutilgan.
Shohsanam MAHMUDOVA,
“Ma’rifat” muxbiri