Maktabni bitirguncha 96 ta kitob o‘qishadi
O‘n besh yildan beri maktabimizda “Ma’rifat istar ko‘ngil” shiori ostida “Kitob —bilim manbayi” kitobxonlik tadbiri o‘tkazib kelinmoqda. 1–4-sinflarda mazkur tadbir ikki yo‘nalishda tashkil qilingan: eng ko‘p maqol aytish, eng ko‘p she’r aytish. 5–11-sinflarda esa 5 yo‘nalishda o‘tkaziladi: kitob haqida fikr, mustaqil o‘qigan badiiy asar, eng ko‘p she’r yodlash, eng ko‘p maqol aytish, zakovat mashg‘ulotlari.
Mazkur ma’rifiy tadbirga o‘quv yilining ikkinchi choragidan tayyorgarlik ishlari boshlab yuboriladi. Sinf rahbarlari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari hamda kutubxonachilar hamkorlikda faoliyat olib boradi. O‘quvchi har oyda bittadan kitob o‘qisa, 9-sinf yakunigacha 72 ta, 11-sinfni bitirishi mobaynida 96 ta badiiy asar o‘qishi mumkinligi ta’kidlab boriladi.
Kitobxonlik tadbiri dekabr oyidan boshlanib, dastlab sinf uch guruhga (“Bunyodkor”, “Ma’rifat”, “Taraqqiyot”) bo‘lingan holda o‘tkaziladi. Albatta, “Kitob — bilim manbayi”, “Kitob — bilim bulog‘i, o‘quvchining o‘rtogi” mavzusidagi devoriy gazetalar va bukletlar tayyorlanadi. Dastlab sinfda tadbirning I bosqichi o‘tkazilishiga sabab, o‘quvchilarni saralab olishdir. Sinf bosqichida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan
11-12 nafar o‘quvchi II bosqich tarkibida sinflararo musobaqada ishtirok etishadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘olib o‘quvchilar maktab ma’muriyati, mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan munosib rag‘batlantiriladi. Kitobxonlik tadbirining yakuniy bosqichi Alisher Navoiy tavallud kunida o‘tkaziladi.
Men mazkur tadbirning natijasi o‘laroq, quyidagi ijobiy holatlarning guvohi bo‘ldim: o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyati shakllandi, yoshlar barcha
bilimlarning asosi kitob ekanligini his qilishdi, o‘quvchilarda ijobiy fazilatlar, ma’naviyat, ma’rifatga e’tibor kuchaydi. Ularda yashashga maqsad tuyg‘usi shakllandi, o‘quvchi yoshlarda vatanparvarlik, insonparvarlik xislatlari namoyon bo‘ldi. Faol kitobxon farzand orqali kitobxon oilalar safi kengaydi. Shuningdek, o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishi osonlashdi.
Faxriddin AZIMOV,
Sirg‘ali tumanidagi
76-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi