Maktabni bitirmay talaba bo‘ldim!
Bugun jonajon maktabimizda so‘nggi qo‘ng‘iroq jarangladi. Ta’lim bergan ustozlarimiz, bag‘rida unib-o‘stirgan ilm maskanimiz bilan xayrlashish og‘ir, lekin baribir qalbimda shijoat, ustozlarim mehnatini tezroq oqlash, munosib bo‘lish orzusi jo‘sh urmoqda.
Ayniqsa, kecha mamlakatimiz Prezidentining maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigi bizlarga yanada baland parvoz, qo‘sh qanotlar bag‘ishlagandek bo‘ldi. Omadli ekanman. Yurtimiz tarixida birinchi marta davlat rahbarining maktab bitiruvchilariga bildirgan izhori biz bitirayotgan paytga to‘g‘ri keldi.
Men maktabni bitirmasdanoq talaba bo‘ldim. AKFA universiteti imtihonlarida yaxshi natijalar ko‘rsatdim. Kelajakda jarroh bo‘lmoqchiman. Shu maqsadga erishish yo‘lida ota-onam va ustozlarim nazoratida aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida puxta bilim egallashga, qo‘shimcha ravishda ingliz tilini mukammal o‘rganishga harakat qildim. Mehnatlarim besamar ketmadi. Kimyo, biologiya va matematika fanlaridan muvaffaqiyatli natija ko‘rsatib, 237 ball bilan o‘qishga qabul qilindim. Ingliz tilidan ham IELTS darajasiga egaman. Bu ko‘rsatkichlarga erishishda ota-onam, ustozlarimning hissasi ulkan. Qolaversa, bunda yurtimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarning ham. Negaki, maktabimizda tashkil qilingan variativ sinfda biz ikki yil davomida ko‘p bilimlarni egalladik. O‘zimiz tanlagan yo‘nalishdagi fanlar haftasiga 8-11 soatdan o‘tildi. Malakali o‘qituvchilarimiz DTM testlari asosida qayta-qayta bilimlarimizni tekshirib, xatolarimiz ustida ishlashdi. Bugun variativ sinfda tahsil olgan 31 nafar o‘quvchining hammasi oliy ta’lim muassasalari imtihonlariga tayyor deb o‘ylayman. Qolgani omadga bog‘liq.
Prezidentimiz o‘z tabrigida yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtalibdilar. Jumladan, zamonaviy Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan ta’lim maskanlari barpo etilgani, keyingi yillarda esa fizika va chet tillarga ixtisoslashtirilgan maktab ochishga alohida e’tibor qaratilishini aytibdi. Shu yil sentabr oyida 14 ta fizika va 207 ta chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyatini boshlashini eshitib juda ham xursand bo‘ldim. Negaki, o‘quvchilar o‘zi qiziqqan fanga ixtisoslashib o‘qisa, yaxshi samara berishini ikki yil variativ sinfda tahsil olib tushundik.
Ta’limga bildirilayotgan bunday e’tibor o‘z samarasini beradi. Tabrik nutqida ham Prezidentimiz bu haqda alohida to‘xtalib o‘tdi. Oxirgi bir yarim yilda iqtidorli o‘quvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 18 ta kumush, 30 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani yaratilayotgan sharoitlarning isbotidir.
Prezidentimizning bitiruvchi o‘quvchilarga murojaatini tinglar ekanman biz yoshlarga bildirilayotgan bunday g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lish uchun yanada ko‘proq o‘qishga, izlanishga va shu yo‘l bilan ishonchni oqlashga o‘z-o‘zimga so‘z berdim. Zero, yurtboshimiz o‘z tabrigi orqali yoshlarga murojaat qilib “hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston, yangi Renessans bunyodkorlarisiz” deb bejiz aytmadi.
Dildora BAHODIROVA,
Olmazor tumanidagi 28-maktabning 11-sinf o‘quvchisi