”Masnaviy” yog‘dusi
Masnaviydan taralgan yog‘du
2022-yil 21-iyul kuni Toshkent shahar “Bilim axborot-kutubxona markazi, Respublika Ma’naviyat markazi hamkorligida, kutubxonaning tadbirlar zalida Turon yurtining ulug‘ farzandi, buyuk faylasuf va shoir Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy asari”ga bag‘ishlab, “Masnaviydan taralgan yog‘du” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira, Gulchehra Shahobiddin qizi olib bordi. Ushbu tadbirda bolalar uchun nasrda tayyorlangan “Ma’naviy masnaviydan xikoyalar” (1-2) hamda “Ma’naviy masnaviy” (1-6) kitoblari tarjimoni, nasriy bayoni muallifi, shoir, tarjimon Odil Ikrom va ushbu kitoblar muharriri, loyiha muallifi, shoira Oydinniso Yo‘ldoshevalar bilan ijodiy uchrashuv hamda kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur adabiy kechaga bir qator taniqli adabiyotshunos olimlarimiz ham tashrif buyurdilar. Jumladan, tadbirga mehmon va ma’ruzachi sifatida taklif etilganlardan: Hulkar Hamroyeva - filologiya fanlari doktori, Nurali Qobul - atoqli yozuvchi, Xalqaro Chingiz Aytmatov akademiyasi akademigi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Mirzapo‘lat Toshpo‘latov - taniqli yozuvchi, kinosenarist, kinorejissyor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Odil Ikrom - shoir, tarjimon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “O‘zbekiston” nashriyoti muharriri, “Ma’naviy masnaviydan hikoyalar” (1-2) hamda “Ma’naviy masnaviy” (1-6) kitoblari tarjimoni, nasriy bayoni muallifi, Oydinniso Yo‘ldosheva -O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ushbu “Masnaviy” kitoblar muharriri, loyiha muallifi, shoira, Abdulla Vaxshivor - taniqli shoir hamda Xolbibi Sadinova – iste’dodli shoiralar ishtirok etishdi. Mavlono Jaloliddin Rumiy Hazratlarining “Ma’naviy masnaviy” asari yetti asrdan buyon Sharq tafakkuri bilan kalom muxlislarini o‘ziga maftun etib kelmoqda. Ushbu tengsiz adabiy obida har bir inson egasini Haq va haqiqat sari yuksaltiruvchi ruhiy-qalbiy narvondir. "Bugungi xamkorlik jamoamizga ko‘p narsalarni berdi. Jaloliddin Rumiyning ilohiy ishqqa, pokizalikka, insoniy tuyg‘ularga bo‘lgan qarashlari hamma uchun ibrat. Qanotsiz uchgan va tafakkuri bilan dunyoni zabt etgan inson Hazrati Rumiy asarlarini ommaga targ‘ib qilishda doimo kamarbastamiz. Bu buyuk allomani asarlari yana qancha asrlar mobaynida kitobxonlar ongiga yorug‘lik, ezgulik, poklik urug‘ini sochishi tabiiy. Bu kabi tadbirlarni keng jamoatchilik, MFY lar, oilalar davrasida, yoshlar o‘rtasida o‘tkazishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik" - dedi Toshkent shahar "Bilim" AKM direktori Hafiza Karimova. Tadbir yakunida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari, taniqli adiblar Toshkent shahar “Bilim” AKMga bir qancha yangi kitoblar, o‘zlari yozgan asarlaridan namunalarni kutubxona fondiga sovg‘a sifatida taqdim etdilar. M. Doniyorova, Toshkent shahar "Bilim" AKM mutaxassisi