Maydonda kuchlilar g'olib bo'ladi
Yurtimizda sport sohasi borgan sari keng ommalashib, davlatimiz siyosatining muhim yo'nalishlaridan biriga aylanib borayotir. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan muhim hujjatlar sohani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Pirovardida nafaqat shahar markazlarida, balki eng chekka va olis qishloqlarida ham barcha qulayliklarga ega bo'lgan zamonaviy sport inshootlari barpo etishga katta imkoniyatlarni yaratmoqda.
Darvoqe, sport sohasi tashkilot, korxona va muassasalar miqyosida ham ravnaq topib bormoqda. Bu borada Navoiy davlat konchilik institutida olib borilayotgan ishlar tahsinga munosibdir. Ayniqsa, o'qituvchi-talabalarni sportga oshno etish, sog'lomlashtirish va doimiy rag'batlantirib borishdek ezgu tashabbuslar har jihatdan muhim ahamiyatga ega. Ana shunday tashabbusli musobaqalardan biri – sportning futbol bo'yicha talabalar o'rtasida o'tkazib kelinayotgan institut ligasi musobaqasidir.
Bilamizki, futbol ramziy ma'noda nafaqat millionlar, milliardlar o'yinidir. U keng tus olib, birinchi raqamli sport turiga aylanib bormoqda. Bugun 4803 ming nafar talaba-yoshlar tahsil olayotgan va 203 nafar o'qituvchi-professor mehnat qilayotgan institutda ham uning ixlosmandlari ko'plab topiladi. Ayniqsa, ular orasida mahoratli futbolchilari borligi har jihatdan quvonarlidir. Talabalarga yashil maydonda jismoniy salohiyatlarini namoyon etishga munosib sharoit yaratish maqsadida, institut ligasi tashkil etildi. Bu tashabbus Navoiy kon-metallurgiya kombinati, oliygoh rektorati, kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi
tomonidan qo'llab-quvvatlandi.
- Bu ligani tashkil etish to'g'risidagi tashabbusimizni hurmatli rektorimiz to'la qo'llab-quvvatlagani, saralash bosqichidagi bellashuvlarda muxlis sifatida ishtirok etgani bizni ham ruhlantirib yubordi. Ayniqsa, musobaqaga Navoiy kon-metallurgiya kombinati ma'muriyati hamda kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan qimmatbaho sovg'alar ajratilishi haqidagi xushxabarni eshitgan talabalarimiz butun mahorat va kuch-g'ayratini birinchi o'rinni qo'lga kiritishga, g'olib bo'lishga safarbar etdi. Buning uchun homiylarimizga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz, -
deydi institut prorektori Baxtiyor Mardonov.
... Kecha Navoiy davlat konchilik instituti yashil futbol maydoni haqiqiy bayramga aylandi. Stadionga musobaqaning eng so'nggi, yakuniy bosqichini tomosha qilish, o'z jamoasini qo'llab-quvvatlashga kelgan yuzlab ishqibozlar qiziqarli va murosasiz o'yinga guvoh bo'lishdi. Jumladan, energo-mexanika fakul`tetining “Energetik” hamda unga qarshi raqib sifatida yashil maydonga tushgan konchilik fakul`tetining “Geotexnolog” terma jamoalari o'zaro kuch sinashdilar. O'yin davomida g'oliblikka asosiy da'vogar bo'lgan “Energetik” jamoasining ustunligi yaqqol sezilib turdi. Ayniqsa, yosh futbolchilar tomonidan o'ziga xos o'yin namoyish etilgani muxlislarga yanada quvonch ulashdi. Musobaqada faqat kuchlilar g'olib bo'ladi. Shu sababli ham “Energetik” jamoasi ikki taymlik bellashuvda raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Ya'ni, 6:1 hisobdagi yirik g'alaba bilan g'oliblikni qo'lga kiritdi.
- Ochig'i, bu musobaqaning bunday ko'tarinki ruhda tus olishini kutmagandik. Lekin uning samarasi biz o'ylagandan ham ziyoda natijasini berdi. Fakul`tetlarimizdan ushbu bellashuvda qatnashish taklifini bergan 9 ta jamoa yil boshidan buyon o'ziga xos saralash bosqichlaridan o'tib kelishdi. Bunda, albatta, g'alvir suvdan ko'tarilgan pallada eng kuchli, eng munosib komandalar final bosqichiga chiqib kelishdi. O'tgan saralash bosqichlarida talabalarimiz muxlislarga haqiqiy futbol shousini tuhfa etishdi. Musobaqa murosasiz kurashlar, qiziqarli lahzalar va gollarga boy bo'ldi. Eng quvonarlisi, o'quvchilarimiz orasida bu sport turi bo'yicha yaxshi taktik mahoratga ega bo'lgan yoshlar borligiga guvoh bo'ldik. Bu borada energo-mexanika fakul`tetining “Energetik”, konchilik fakul`tetining “Mexanik” hamda kimyo-metallurgiya fakul`tetining “Metallurg” singari terma jamoalarning ustunligi o'yinlarda yaqqol sezilib turdi, - deydi institut “Konchi” sport klubi raisi o'rinbosari O.Davulov.
G'oliblarni taqdirlash marosimida so'z olgan Navoiy davlat konchilik instituti rektori Quvondiq Sanaqulovich Sanaqulov sportsevar yoshlarga o'z tilaklarini izhor etdi. Jumladan, faxrli birinchi o'rinni qo'lga kiritgan “Energetik” futbol jamoasiga g'oliblik kubogi, medallar shodasi va 17 ta noutbuk, ikkinchi o'ringa loyiq topilgan “Mexanik” futbol jamoasiga medallar shodasi va 17 ta televizor, uchinchi o'rinni qo'lga kiritgan “Metallurg” futbol jamoasiga medallar shodasi va 17 ta telefon tantanali ravishda topshirildi. Aslida “Mashinasozlar”, “Konchi”, “Kimyogar”, “Dasturchi”, “Geotexnolog” va “Iqtisodchi” jamoalari ham har qanday e'tirofga munosibdir. Ular ham yashil maydonda o'z salohiyatlarini namoyon etishdi.
Bundan tashqari, tadbir tashkilotchilari tomonidan musobaqa davomida faol ishtirok etgan “Kimyogar” jamoasi darvozaboni Ma'rufjon Yusupovga “Eng mohir darbozabon” nominatsiyasi, “Mashinasozlar” jamoasi a'zosi Muhriddin Tog'aevga “Eng yaxshi hujumchi” nominatsiyasi, “Dasturchi” jamoasi a'zosi Oybek Abdurahmonovga “Eng yaxshi himoyachi” nominatsiyasi, “Konchi” jamoasi a'zosi Ozod O'rinovga “Eng yaxshi o'yinchi” nominatsiyasi, “Geotexnolog” jamoasiga
“G'alabaga bo'lgan intilishi uchun” nominatsiyasi, “Iqtisodchi” jamoasiga eng yosh jamoa nominatsiyasi, shuningdek, o'yinlarni adolatli boshqarib borgan hakam Anvar Sanaevga “Adolatli hakam” nominatsiyasi bo'yicha ham maxsus diplomlar va qimmatbaho sovg'alar topshirildi. Eng quvonarlisi, yoshlar oyligi doirasida o'tgan bu tadbir Navoiy shahriga osuda tun cho'kkanga qadar barchaga cheksiz ko'tarinkilik, ajoyib tomoshalarni baxsh etdi. Ishtirokchilar quvonchidan sezdikki, ular qalbida shunday taassurotli lahzalarni yaratib bergan, bu kabi ezgu tashabbuslarga doimiy bosh-qosh bo'lib kelayotgan kombinat ma'muriyati va oliygoh rahbariyatidan minnatdorlik hissi jo'sh o'rardi...
Abdumajid JO'RAEV,
Azamat ZARIPOV.