Mehnati qadrlangan yurt
Mehnati qadrlangan yurt
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “11-noyabrni Kasaba uyushmalari kuni” deb belgilash taklifi bildirilgani sohaga bo‘lgan yuksak e’tibordan dalolatdir.
Soha xodimlari “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida, mehnatkashlarning hayotini tubdan yaxshilash bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlarni davom ettirmoqdalar va buning uchun birinchi navbatda xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yil davomida kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilgan turli darajadagi tadbirlar tashkilotlar va muassasalarda ijtimoiy - ma’naviy muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda. Ana shunday tadbirlar sarhisobi va “ 11 noyabr - Kasaba uyushmalari kuni” deb belgilanganligiga 2 yil to‘lishi munosabati bilan joriy yilning 10-noyabr kuni O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan “Mehnati qadrlangan yurt” deb nomlangan taqdirlash tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar hamda kasaba uyushmasi vakillari, shuningdek, ilm-fan sohasida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan fidoyi xodimlar ishtirok etdi.
Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari va a’zolarini rag‘batlantirish, ularning ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoat nazoratini eng yaxshi tashkil etish yuzasidan respublika ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘oliblari ham aniqlanib, “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish ko‘rik-tanlovi Nizomi”da ko‘rsatib o‘tilgan baholash mezonlariga asoslangan holda yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan “Eng yaxshi korxona”, “Eng yaxshi kasaba uyushma qo‘mitasi”, “Eng yaxshi mehnat muhofazasi vakili” hamda “Mehnat muhofazasi bo‘yicha yosh mutaxassis” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi nafaqat huquqiy, ijtimoiy, balki iqtisodiy sohani rivojlanishiga, xodimlarda iqtisodiy madaniyatni oshirishga ham xizmat qilmoqda. Shu tufayli, tizimdagi tashkilotlarda o‘tkazilgan “Elektr energiyasi va yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash bo‘yicha eng yaxshi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari ham aynan shu tadbirda taqdirlandi.
Shuningdek tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari U.Sharifxodjayev ishtirok etib kasaba uyushmasi faollarini bayram bilan tabrikladi va 22 nafar ta’lim tizimida samarali mehnat ko‘rsatayotgan kasaba uyushmasi faollariga “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishonlarini hadya etdi. Shulardan
10 nafari maktabda o‘qituvchilik bilan bir qatorda kasaba uyushmasi faoliyatini ham samarali olib bormoqda.