Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon
Imom Motrudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Abu Mansur Motrudiyning hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosini jahonga tanitish, moturidiylik ta’limotini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar, Malaziya islomni anglash instituti, Al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi, Saljuq universiteti Imom Moturidiy tadqiqotlari markazi singari xorijiy-ilmiy muassasalar, O‘zbekiston Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy simpozium bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium davomida Saljuq universiteti rektori Metin Aksoy, O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’ati raisi Usmonxon Alimov kabi bir qator nufuzli mehmonlar tadbirda onlayn ishtirok etib, tabrik yo‘lladi.
Simpoziumda ishtirok etgan ilm egalari motrudiylik allomalarining ta’limot rivojidagi o‘rni, motrudiylik ta’limotining mo‘tadilligini ta’minlashdagi ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari va moturidiylikning o‘rganilishi kabi dolzarb masalalarda ma’ruzalar qilishdi.
Bundan tashqari simpozium doirasida kitob va jurnallar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Imom Moturidiy izdoshlari” tanlov g‘oliblari taqdirlandi. Moturidiy hayotiga oid videorolik namoyish etildi.
Shodiyona XUSHMURODOVA,
Mahliyo USMONOVA