Namanganda fan olimpiadasi boʻyicha qizgʻin jarayonlar boshlandi
Maʼlumki, umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida fan o l ipiadasining respublika bosqichi fizika, informatika, tarix boʻyicha Namangan viloyatida boʻlib oʻtadi.
Shu munosabat bilan bugun 22-may kuni mazkur fanlar boʻyicha olimpiadaning respublika bosqichining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tantanali ochilish marosimidan soʻng olimpiadaning 1-turi boshlandi.
Mamlakatimizning eng iqtidorli 111 nafar ishtirokchilari qatnashayotgan mazkur tadbirda Xalq taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti direktori Umid Rahmonov, viloyat hokimining oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxoʻjayevlar oʻquvchilarga sinovlarda omad va muvaffaqiyatlar tiladilar.
Tadbirda bevosita Oʻzbekiston – Koreya xalqaro universiteti rektori Park Jun Xo va muassasa professor oʻqituvchilari ishtirok etib, olimpiada jarayonlarini yuqori baholadi. Oʻquvchilar belgilangan auditoriyalarda imtixonlarga kirishdilar. Fizika fanidan 35, informatika fanidan 34, tarix fanidan 42 nafar oʻquvchilar uchun Namangan muhandislik-texnologiya institutida yotoqxona, oshxona va barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Olimpiadaning adolatli va shaffof oʻtishi uchun kuzatuv kameralari oʻrnatilgan boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya uzatilmoqda. Ishtirokchilarning ota-onalari va mehmonlarga jarayonlarni kuzatish uchun monitorlar oʻrnatilgan. Taʼkidlash joizki, mazkur fan olimpiadasining respublika bosqichida viloyatimizdan 7 nafar isteʼdodli oʻquvchilar qatnashmoqda.
Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati