Navbatdagi muqarrar xalqaro voqelik
Samarqand Sammiti – SHHT rivojida
navbatdagi muqarrar xalqaro voqelik
Mana, O‘zbekistonimizning o‘tgan yili Tojikiston Respublikasidan qabul qilib olingan Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi ham o‘z nihoyasiga yetib bormoqda.
Ommaviy axborot vositalarida keng yoritilganidek, mazkur raislik davrida sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, axborot-kommunikasion texnologiyalar, raqamli transformasiya, mintaqalararo savdo va transport bo‘yicha o‘zaro bog‘liqlikni rag‘batlantirish, xavfsizlikni ta’minlash, kibertahdidlardan himoyalanish kabi masalalarni qamrab olgan 80 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilgan.
Xalqaro munosabatlar tahlili, jumladan, bir yil davomida amalga oshirilgan tadbirlar natijalaridan ko‘rinadiki, SHHTning rivojida O‘zbekistonning, mamlakatimiz taraqqiyotida esa ushbu xalqaro tashkilotning o‘ziga xos munosib o‘rni bor. Bu boradagi yutuqlar, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonning SHHT hamkorligi doirasidagi “o‘sish nuqtalari”, ya’ni O‘zbekistonning ushbu nufuzli tashkilotga raisligi davrida yanada yaqqolroq namoyon bo‘lganini kuzatish mumkin.
Xo‘sh, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tuzilma hisoblangan SHHTga raislik etishning mazmun-mohiyati nimadan iborat, mazkur vakolatning raislik etuvchi davlat uchun qanday imkoniyatlar beradi, mas’uliyatlar yuklaydi?
SHHT sammitlarini, xususan, SHHTga O‘zbekistonning raisligi jarayoniga e’tibor qaratish yo‘li bilan ushbu savolga munosib javob topish mumkin.
Avvalo, mazkur nufuzli tashkilotga raislik qilish muayyan mamlakat zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydigan jiddiy siyosiy jarayon hisoblanishini qayd etish lozim. Qolaversa, raislik vazifasi muayyan davlatga tashkilot doirasida nafaqat o‘zining o‘sish strategiyasini davom ettirish, balki o‘z faoliyatini ham aniq natijalar beradigan yangi va muhim qirralar bilan boyitish imkonini beradi.
Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi ushbu nufuzli xalqaro Tashkilotga 4-marotaba raislik qilmoqda. Bu davrlar quyidagicha: 2003-2004 yillar, 2009-2010 yillar, 2015-2016 yillar va nihoyat, 2021-2022 yillar.
Har bir raislik qilish davri yakunida o‘sha davlatda tashkilotga a’zo davlatlar oliy rahbarlari Kengashining yig‘ilishi – Sammit bo‘lib o‘tadi. Jumladan, O‘zbekiston raisligidagi avvalgi Sammitlar Toshkentda o‘tgan, joriy yildagisi esa Samarqand shahrida tashkil etilmoqda.
E’tiborlisi shundaki, SHHTga yurtimiz raislik qilgan har bir davrda muhim xalqaro tahlillar o‘tkazilgan, nafaqat yurtimiz yoki mintaqa uchun, balki butun dunyo hamjamiyati uchun ham ahamiyatli bo‘lgan qarorlar qabul qilingan. Mamlakatimizda bo‘lgan har bir Sammit o‘ziga xos jihatlari bilan tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitilgan.
Jumladan, SHHTning 2004-yil 17-iyunda bo‘lib o‘tgan Toshkent SammitidaTashkilot faoliyatidagi muhim bosqichlardan biri hisoblangan SHHTning to‘laqonli shakllanib bo‘lgani yakdillik bilan e’tirof etilgan.
Shuningdek, ushbu Sammitda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalasi muhokama etilgani, xususan, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, uning iqtisodiy infratuzilmasini birgalikda barpo etish masalalari yuzasidan fikr almashilgani e’tiborga molikdir.
O‘zbekistonning Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqaviy aksilterror markazini joylashtirish haqidagi tashabbusi va mazkur taklifning hamkor davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani muhim siyosiy ahamiyatga egadir. Mazkur jarayon O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotini mintaqadagi barqarorlikning eng ishonchli kafolati deb bilishini namoyish etdi.
Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining poytaxtimizda joylashgan Ijroiya qo‘mitasi tomonidan SHHTga a’zo davlatlar huquq-tartibot va xavfsizlik organlarining hamkorligini muvofiqlashtirish va tezkor axborot almashinuvini ta’minlash bo‘yicha 2004-yildan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgani O‘zbekiston tashabbusi sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganini anglatadi.
SHHTning yurtimizda 2010-yil iyun oyida o‘tgan Sammiti SHHTni kengaytirishga oid normativ hujjatlari, jumladan Tashkilotga yangi a’zolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom qabul qilingani bilan xarakterlidir.
Hujjatda ta’kidlanishicha, nomzod SHHTga a’zo davlatlar bilan faol savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni saqlab turishi, BMT sanksiyalari ostida bo‘lmasligi, boshqa davlat yoki davlatlar bilan qurolli to‘qnashuv holatida bo‘lmasligi kerak.
SHHTning potensial a’zosi uchun boshqa talablar ham mavjud. Tashkilotga a’zo bo‘lishni istagan davlat Yevroosiyo mintaqasiga tegishli bo‘lishi va SHHTga a’zo barcha davlatlar bilan diplomatik aloqalarga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, nomzod SHHTda kuzatuvchi davlat yoki SHHT muloqotida sherik maqomiga ham ega bo‘lishi kerak.
Ayni paytda Afg‘oniston, Belarus Respublikasi, Mo‘g‘uliston va Eron kuzatuvchi maqomiga ega, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya, Ozarbayjon, Shri-Lanka davlatlari esa muloqot bo‘yicha hamkorlardir, shu bilan birga, Misr, Saudiya Arabistoni va Qatar yuqoridagi maqomga erishish uchun nomzod bo‘lib turibdilar.
Shuningdek, O‘zbekistonning mazkur raislik etish davri Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik deklarasiyasining aynan Toshkent shahrida imzolangani bilan ham e’tiborga molikdir,
Shanxay hamkorlik tashkilotining 15 yilligi nishonlanadigan 2016-yildagi Toshkent Sammitida esa 2001-yildan buyon kutilayotgan voqea – SHHTga a’zo davlatlar maqomini olish maqsadida Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida majburiyatlar memorandumi imzolash bo‘lib o‘tdi.
SHHTni kengaytirish jarayonini muhokama qilish chog‘ida Hindiston va Pokistonning to‘laqonli a’zo maqomini olishi tashkilotning salohiyatini oshirishi va zamonamizning dolzarb muammolarini hal etishning ko‘p tomonlama mexanizmi sifatida uning xalqaro maydondagi rolini yanada oshirishi ta’kidlandi.
Shuningdek, ushbu Sammitda davlat rahbarlari, Armaniston Respublikasi, Kambodja Qirolligi, Nepal va Ozarbayjon Respublikasiga SHHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanganini mamnuniyat bilan qabul qildilar.
Sammit yakunida SHHTning o‘n besh yilligi Toshkent Deklarasiyasi, Shanxay hamkorlik tashkilotining 2025 yilgacha bo‘lgan rivojlanish Strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risida qaror va boshqa hujjatlar qabul qilindi.
Shunday qilib, SHHTning 15 yillik yubiley Sammiti tashkilotning xalqaro nufuzi, ochiqligi va rivojlanish qobiliyati o‘sganini yana bir bor tasdiqladi.
O‘zbekiston Respublikasining SHHTga raisligi davrlari Tashkilotni yanada rivojlantirish, uning normativ-huquqiy bazasini mustahkamlash, tuzilmaning jahondagi nufuzini muttasil oshirishga katta hissa qo‘shishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
Joriy yilda Samarqand shahrida o‘tayotgan Sammitning ham tashkilot tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirilmoqda, uning ko‘lami ham ancha keng bo‘lmoqda.
O‘rni kelganda qayd etish lozimki, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi islohotlar mazkur raislikning muhim jihati sifatida, Samarqand sammitining xalqaro voqelik tarzida e’tirof etilishi uchun muhim tayanch bo‘lib qolishi muqarrardir.
A’zo davlatlarning barcha rahbarlari Sammitda o‘zlarining ishtirok etishini tasdiqladi. Kuzatuvchi davlatlar – Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston rahbarlari ham ishtirok etmoqda. O‘zbekiston rais sifatida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedovni ham taklif qildi va ular ham ayni paytda Sammitda ishtirok etmoqdalar.
Shuningdek, SHHT bilan rasmiy aloqalarga ega xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ham Sammitda qatnashmoqdalar.
Sammitning kun tartibidan tashkilot kengayishi bilan bog‘liq masalalar ham o‘rin olgan. Xususan, Eron mamlakatga SHHTga a’zo bo‘lish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochadigan majburiyat memorandumi imzolandi. Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni bilan muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish yuzasidan memorandumlar imzolanishi kutilmoqda. Bahrayn va Maldiv orollari bilan hamkor maqomini olish uchun arizalarni tasdiqlash kutilmoqda. Tomonlar Belarusning to‘liq a’zolik to‘g‘risidagi arizasini, shuningdek, boshqa davlatlarning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkor maqomi haqidagi so‘rovlarini ko‘rib chiqadi.
Sammitda ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirishning kompleks rejasi, O‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport koridorlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi, Sanoat kooperasiyasini rag‘batlantirish dasturi, “SHHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni to‘g‘risidagi Nizom kabi bir qator muhim hujjatlarning imzolanishi kutilmoqda.
Sammit yakunida Tashkilotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan holda mintaqaviy va global muammolarni hal qilishda SHHT davlatlarining umumiy yondashuvlarini aks ettiruvchi hujjat – Samarqand deklarasiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Shubhasiz, Samarqand Sammiti yirik siyosiy va diplomatik forumga aylanadi va tashkilotning keyingi evolyusiyasi yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga kiradi. Bunda, tabiiyki, yurtimizning faol, ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosati mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Zafar ABDURAXMANOV,
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti
Xalq diplomatiyasi markazining
matbuot va protokol bo‘limi bosh mutaxassisi