O‘ZBEKISTONDAGI OAVLAR SONI 2016 YILGA NISBATAN 30 FOIZGA OSHDI
Bugun, 26 oktabr kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta'minlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi: so‘z erkinligi va qonunchilik amaliyoti” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekistondagi yetakchi OAV vakillari, blogerlar va jamoatchilik faollari, mas'ullar ishtirok etishdi. Davra suhbatini Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta'minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev ochib berdi. Boqiyev o‘z nutqi davomida bugungi kunda axborotni yashirishning imkoni yo‘q ekanligini ta'kidladi. Ma'lumotlarga qaraganda O‘zbekistondagi OAVlar soni 2016 yilga nisbatan 30 foizga ortib, bugungi kunda ularning umumiy soni 2082 tani tashkil qilmoqda.
Shundan so‘ng, so‘z jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarovga berildi. O‘sarov OAV xodimlarining erkin axborot olishini cheklashga urinish, ularga qarshilik qilish javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tdi. Senatdagi davra suhbati davomida uyushma raisi Toshkent shahar hokimligi Prezident qaroriga mas'uliyatsizlik bilan yondashayotganligini alohida tilga oldi.
Bundan tashqari, Jurnalistlar uyushmasi rahbari bosma nashrlarda bong urilayotgan chiqishlarga davlat tashkilotlari befarq qarayotganligini, agar ijtimoiy tarmoq yoki xorijiy nashr O‘zbekistonga oid biror masalani ko‘tarsa, hamma e'tibor berib qolishini tanqid qildi.
Deputat va bloger Bobur Rasulovga ko‘ra, davlat organlari, vazirlik va tashkilotlardagi matbuot kotiblari AOKAga bo‘ysunishi va u yerdan maosh olishi, kerak. Shunda xolislik tomon yanada oldinga qadam tashlanadi.
Davra suhbati keskin tanqidiy va tahliliy, takliflarga boy o‘tdi…