Oʻqituvchi orzusi
Yurtimiz istiqlolga erishgan yilda maktab ostonasiga qadam qoʻyib, mustaqillik yillarida taʼlim olganman. Va shu kezlardayoq muallim boʻlishni orzu qilganman. Shu boisdan 2001-yilda Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litseyni tugatib, oliygohning pedagogika va psixologiya fakulteti talabasi boʻldim. Besh yildan soʻng esa, Toshkent shahridagi 12-umumtaʼlim maktabi sevimli dargohimga aylandi.
Oʻquvchilar bilan ishlash jarayonida esa bola qobiliyatini yuzaga chiqarish, uning psixo-fiziologik xususiyatlarini shakllantirish muhim ekanini angladim. Ayniqsa, har bir bilim va koʻnikma boshlangʻich sinfdanoq oʻquvchi ongiga singdirib borilishi zarurligini his etdim. Shu kunlarda davom etayotgan boshlangʻich fan oyligida ham turli tadbirlar oʻtkazdik.
Jumladan, ochiq eshiklar kunida 1-“Bʼʼ sinfi oʻquvchilari uchun “Oltin kuz”mavzusida ochiq dars tashkil qilindi.
Jarayonida oʻgʻil-qizlar kuz fasli haqida sheʼrlar aytishdi, meva va sabzavotlarning bolajonlar uchun foydasi haqida suhbatlar oʻtkazildi. Xalq kuzgi bayram sayli “Mehrjon” haqida maʼlumotlar berildi.
Milliy anʼanalarni nishonlash oʻquvchilarda qadriyatimiz, udumlarimiz haqidagi bilimlarini boyitadi. Yosh avlodning madaniy, diniy, maʼnaviy merosimiz bilan tanishtirish asosiy vazifamiz va orzuimizdir.
Nargiza Xurramova,
Yunusobod tumanidagi 12-maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi