Oʻquv dasturlari tajriba-sinov orqali takomillashadi
Oʻquv dasturlari tajriba-sinov orqali takomillashadi
2022-yil 28–30-mart kunlari Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “Zomin” bolalar oromgohida oʻquv dasturlari tajriba-sinov ishlariga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi. Maʼlumki, 2021-yil davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bilan hamkorlikda 334 nafar mutaxassislarni jalb etgan holda uzluksiz taʼlim tizimining barcha bosqichlari uchun oʻquv dasturlari uzviyligini taʼminlash, modernizatsiya qilish ustida ishlandi va yil yakunida ilk marotaba 21 ta fandan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim oʻquv dasturlari uzviyligini taʼminlash konsepsiyalari” hamda “Oʻzbekiston Respublikasi uzluksiz taʼlim Milliy oʻquv dasturlari” majmualar shaklida tayyorlandi, kitoblar holatiga keltirilib Taʼlim vazirliklariga tajriba–sinovdan oʻtkazish uchun tavsiya etilgan edi.
Muhtaram Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4884 son qarori ilovasi 4-bandiga binoan “Maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlimning oʻquv dasturlari uzviyligini taʼminlash vazifasi”ning ijrosi sifatida oʻquv dasturlari va ular asosida yaratilgan darslik – majmualar bosqichma-bosqich tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda. Respublika Ta’lim markazi tomonidan 2022-yil boshida Boʻstonliq tumanida oʻtkazilgan seminar umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 3-sinflari uchun yaratilgan darsliklarni tajriba-sinovga yoʻnaltirishga moʻljallangan boʻlsa, navbatdagi Jizzax viloyati, Zomin tumanida oʻtkazilayotgan seminar yuqoridagi jarayonlarning davomi sifatida eksperimentga yoʻnaltirilgan boʻlib, umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 6- ,7- ,10-sinflarida oʻquv dasturlarini amaliyotga joriy etuvchi pedagog kadrlar uchun moʻljallandi. Tadbirning yalpi yigʻilishida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi maslahatchisi А.А.Nosirov, Xalq taʼlimi vazirligi departament boshligʻi L.Ch.Xoʻjaqulov, Respublika Taʼlim markazi direktori Sh.Sh.Sattarovlar maʼruza qilib, seminar ishtirokchilarini tabrikladi. 300 nafarga yaqin Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardan tashrif buyurgan amaliyotchi fan oʻqituvchilari, dastur va darsliklari mualliflari va metodistlar, trener oʻqituvchilar shoʻbalarga boʻlingan holda dasturlardagi yangiliklar, oʻzgarishlar, 6-, 7-, 10 -sinflar uchun yaratilayotgan darsliklar strukturasi, mazmun-mohiyati bilan tanishtirilib, ulardagi muammo va kamchiliklari bilan oʻrtoqlashildi.
Bu nima bermoqda, birinchidan, xalqaro tajribalar, jumladan Finlyandiya tajribasi asosida yangilangan, uzviylashgan oʻquv dasturlari asosida darsliklar yaratilmoqda. Ushbu darsliklar ham mazmunan boy, oʻzaro sinflar va mavzular kesimida uzviy, fanlararo integratsiyalashgan, majmua shaklida boʻlib oʻquvchi kitobi (boshlangʻich sinfda ish daftari ham bor), oʻqituvchi kitobi, multimediali ilovalari bilan birga tayyorlanmoqda. Ikkinchidan, mualliflar maktabi yangilanib, darsliklarni yaratishda amaliyotchi oʻqituvchilar ishtiroki ortmoqda, uchinchidan tajriba-sinov orqali dasturlar va darslik loyihalaridagi kamchiliklar bartaraf etilgan holda, nashrgacha boʻlgan davrda takomillashtirishga erishilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2021-yil 24- sentabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlimning Milliy oʻquv dasturini tajriba-sinovdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 310-son buyrugʻiga asosan 2021-2022 oʻquv yilining 3-choragidan boshlab oʻquv dasturlari va darsliklar loyihalari 3-, 6- ,7- ,10-sinflarda sinab koʻrilmoqda. Mazkur jarayonlar ikki yoʻnalishda tashkil etilgan. Birinchidan, Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi 14 ta maktabda 21 ta fan boʻyicha yaratilgan darslik loyihalari eksperimentator oʻqituvchilarga yetkazib berilgan, amaliyotchi oʻqituvchilarga metodistlar va olimlar biriktirilgan. Respublika taʼlim markazi fan metodistlari jarayonni kuzatib bormoqda. Har bir mavzu yakunida oʻquvchilarning oʻzlashtirganlik darajasi tashqi indikatorlar yordamida baholab borilishi koʻzda tutilgan.
Ikkinchi yoʻnalishda “Zomin” bolalar oromgohida start berilayotgan “Oʻquv dasturlarini 6-,7-,10-sinflarda tajriba-sinovdan oʻtkazish va amaliyotga joriy etuvchi pedagog kadrlar uchun maqsadli oʻquv-seminar” yordamida oʻquv dasturlari va darsliklardagi yangiliklarni yangi oʻquv yili boshlanguncha tayyorlanayotgan trenerlar yordamida kaskad usulida eng quyi boʻgʻindagi barcha oʻqituvchilargacha yetkazish orqali amalga oshirilmoqda
Fanlar boʻyicha shoʻbalarda Respublikaning barcha hududlaridan jalb etilgan tajribali oʻqituvchilar uzluksiz taʼlim tizimining barcha tizimidan trener sifatida jalb etilgan professor oʻqituvchilar, metodistlar yordamida oʻquv dasturlaridagi oʻzgarishlar, yangi yaratilgan darslik–majmualar mazmuni bilan tanishtirildi, mashgʻulotlar yangi pedagogik texnologiyalar asosida darslik mualliflari va metodistlar tomonidan tomonidan olib borildi.
Seminar tashkilotchilari va ishtirokchilariga Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan quyidagi tavsiyalar berildi:
– Uzluksiz taʼlim tizimining har bir bosqichi uchun uzviyligi taʼminlangan oʻquv dasturlari va ular asosida yaratilayotgan darsliklarning tajriba-sinovini sifatli tashkil etish, jarayonga tajribali oʻqituvchilar, metodistlar, maslahatchi sifatida shu sohadagi yetuk olim, professor -oʻqituvchilarni toʻgʻri biriktirish;
– Tajriba-sinov oʻtkazayotgan oʻqituvchi, metodist, olimlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish choralarini koʻrish;
– Oʻquv dasturlari va ular asosida yaratilib tajriba-sinovga berilayotgan darsliklarning oʻquvchilar tomonidan qabul qilinishi, materiallarning oson oʻzlashtirilishi, oʻquvchi yoshiga mosligiga alohida eʼtibor qaratish;
– Tajriba-sinovga berilayotgan darslik va metodik qoʻllanmalarning oʻqituvchilar tomonidan oson qabul qilinishi, mavzularni tushuntirish borasida metodikalarni toʻgʻri tanlash;
– Tajriba-sinovga darslik, ish daftari, oʻqituvchi kitobi mavjud boʻlsa multimediali ilovalarini birga yoʻnaltirish, aks holda oʻzaro bogʻliqlik susayishi, tayyorlanadigan xulosalarda fanlar kesimida oʻquv dasturlari va darslik majmualariga real, shaffof, tanqidiy-tahliliy fikrlarni berish;
– Tajriba-sinov jarayonini faqat oʻqituvchiga tashlab qoʻymasdan tuman, viloyat, Respublika boʻyicha belgilangan masʼullar tomonidan vaqti-vaqti bilan jarayonlarni kuzatib, tahlil qilib tavsiyalar berib borish;
Tajriba-sinov yakunlari boʻyicha eksperimentator oʻqituvchilar va hududiy metodistlar aniq takliflarni oʻz vaqtida va sifatli tarzda Respublika taʼlim markaziga taqdim etish, umumlashtirilgan va tahlil qilingan xulosalarni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birga koʻrib chiqish, aniqlangan kamchilik va muammolarni nashr ishlari boshlanguncha bartaraf etish.
Shuningdek, matematika fani dastur va darsliklar mualliflaridan biri Bahodir Haydarov tomonidan tajriba-sinov ishlarini shoshmasdan kamida bir oʻquv yili davomida amalga oshirish maqsadga muvofiqligi hamda bugungi kunda qogʻoz narxining keskin oshayotganligi koʻp ming sonli nusxada darsliklarning chop etilishida sezilarli darajada ta’sir etishi va muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi qayd etildi hamda ushbu muammolar yechimi sifatida tajriba-sinovni bir oʻquv yilida toʻliq oʻtkazilishi ikki tomonlama yechim boʻlishi mumkinligi ham aytildi.
Yurtboshimiz aytganidek: “Bugun odamlar uygʻonmoqda, jamiyat uygʻonmoqda, ...Uchinchi Renessans va Yangi Oʻzbekiston poydevorini qurishda taʼlim mazmuni va sifati alohida oʻrin tutadi, uni poydevori mustahkam boʻlish uchun taʼlim oluvchilarga nimani va qanday oʻqitishni aniq belgilab, soha egalariga berolsak, Yangi Oʻzbekistonning ertangi egalari hayot pillapoyalaridan qoqilmasdan, toʻgʻri qadam bosadi, bu esa taʼlim tizimida barcha masʼullarning oldida turgan ulkan vazifa hisoblanadi.
Аbdurahim NASIROV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini
nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi maslahatchisi