“Oʻzbek shaxmatining oltin avlodi”
“Oʻzbek shaxmatining oltin avlodi” kitobini kimlar oʻqishi kerak?
Ustoz jurnalist Husan Karvonlining shu nomdagi kitobi taqdimotida ishtirok etdik. Taqdimotga kechikibroq boribman hamma joylar band, zoʻrgʻa stul topib oʻtirdim.
Kitob oltin avlodlar: Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidovning shaxmatga kirib kelishi, ota-ona ustozlarining fikrlari, erishilgan yutuqlari aks etgan maqolalarni oʻz ichiga olgan.
Taqdimotda shaxmatchilarimiz va ularning oila aʼzolari, jurnalistlar qatnashdi. Husan ogʻa dastxat yozib kitobidan sovgʻa qildi.
Uyga qaytishda mashinaning oʻzida kitobning Nodirbek Abdusattorov haqidagi qismini oʻqib chiqdim. Husan aka 10 yil avval yozgan maqoladagi Nodirbekning ota-onasi aytgan shu gaplar eʼtiborimni tortdi.
Fazliddin Ochilov, Nodirbek Abdusattorovning otasi:
“Garchi hamma qatori men ham turli ko‘ngilochar telekanallarga, har xil kinofilmlarni ko‘rishga qiziqsam-da farzandlarimning tarbiyasini o‘ylab ayrim qiziqishlarimni cheklaganman. Shu sababli turli kabelli televideniyelarga ulanmaganmiz. Albatta, bolalarimning televizor ko‘rishlariga ruxsat beraman, faqat dunyoqarashini boyitadigan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-tarixiy ko‘rsatuvlarnigina”.
Marziya Ochilova, Nodirbek Abdusattorovning onasi:
“O‘zim avvaliga shaxmatga uncha qiziqmaganman. Farzandlarim shaxmat to‘garagiga qatnash boshlagandan keyin majburan o‘rgandim. Chunki uyga berilgan vazifalarni bajarishlarini nazorat qilishim kerak edi-da”.
Shu gaplardan bilish ham mumkin Nodirbekning bugungi muvaffaqiyatida ota-onaning oʻrni qanchalar katta boʻlganini. Ular farzandi yugursa birga yugurgan, yiqilsa yelka tutgan. Umuman har qanday iste’dodni kashf etib, tarbiyalash ota-onalarning qoʻlida.
Husan ogʻa oltin avlodni 10 yillar avval ilgʻagan, kashf etgan, musobaqalardagi oʻyinlarini sinchkov kuzatgan. Oltin avlod uning koʻz oʻngida ulgʻaygan. Bu jurnalist sifatida havas qilarli holat men uchun. Balki, yillar oʻtib men birinchi boʻlib intervyu Sabrina (IELTSdan 7 ball olgan 5-sinf oʻquvchisi), Aziza (Xalqaro biologiya olimpiadasi gʻolibi)lar ham dunyo tan olgan olimlar boʻlib yetishar. Balki, men ham ular bilan qilgan intervyu, maqolalarimni kitob qilarman…
Taqdimotga qaytsak. Kitobni jahon chempioni boʻlishni maqsad qilgan shaxmatchilarimiz va ularning ota-onalari, ustozlari oʻqishi shart deb hisoblayman. Biz faqat gʻalabalarni koʻramiz, uning ortida turgan mashaqqatlar har doim ham koʻrinavermaydi.
Kitobni oʻqishi shart boʻlgan yana bir toifa bu jurnalistlar, ayniqsa sport jurnalistlari. Shunda siz oltin avloddan intervyu olayotgan vaqtingiz “Taassurotlaringiz? Shaxmatchi boʻlmasangiz kim boʻlardingiz?’ kabi joʻn, ungʻaysiz savollar berishdan tiyilasiz.
Ajoyib kitob uchun muallif va nashr etish ishlariga koʻmaklashganlarga rahmat!
Inobat Ahatova