O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasiga start berildi
Joriy yilning 23-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi sanasini 2021-yil 24-oktabr kuni deb belgiladi. Saylov kompaniyasi 23-iyuldan boshlanishi e’lon qilindi. Ushbu saylovlarda 5 partiya — “Adolat” SDP, “Milliy tiklanish” DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega bo‘ladi.
— Prezident saylovlari yangi tanlangan milliy saylov qonunchiligi asosida umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga, shuningdek demokratik tamoyillarga asosan — ochiq va oshkora o‘tkaziladi, — dedi Markaziy saylov komissiyasining raisi Zayniddin Nizamxodjayev
2021 yilgi prezident saylovi ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Unda konstitusiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davriylik prinsipi asosida saylanishi ta’minlanadi.
MSK majlisida saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular ko‘rsatgan nomzodlar uchun sog‘lom raqobat muhiti va teng sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlat vakillari, jurnalistlar, xususan, xorijiy jurnalistlar kuzatib borishi mumkin.
Tadbir yakunida MSK mas’ullari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.