Oʻzbekiston delegatsiyasi Finlyandiyaning oliy taʼlim tajribasini oʻrgandi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Finlyandiyaning oliy taʼlim tajribasini oʻrgandi
Ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Finlyandiyaning taʼlim sohasidagi tajribasini joyiga chiqqan holda oʻrganish hamda bu borada hamkorlik aloqalarini yanada takomillashtirish maqsadida ushbu mamlakatda boʻlib turgani haqida xabar bergan edik.
Tashrifning ikkinchi kunida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Finlyandiyaning bir qator oliy taʼlim muassasalari vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvlar davomida ikki tomonlama diplom beradigan qoʻshma taʼlim dasturlarni yoʻlga qoʻyish, taʼlim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash boʻyicha ekspert xizmatlarini koʻrsatish, biznes va ishlab chiqarish uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etishda hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Xususan, “Kareliya” amaliy fanlar universiteti prezidenti Petri Raivo va xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshligʻi Liza Timonen bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida universitet va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida pedagogika yoʻnalishida qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar davomida “Kareliya” amaliy fanlar universiteti prezidenti Finlyandiyada taʼlim tizimining takomillashtirishi uchun xizmat qilgan eng muhim omillarga ham toʻxtalib oʻtdi.
Uning taʼkidlashicha, Finlyandiyaning taʼlim sohasidagi muvaffaqiyatining eng asosiy siri avvalo barchaga sifatli taʼlim olishi uchun teng imkoniyat yaratilgani bilan bogʻliq. Shuningdek, taʼlimda har bir bola jamiyatning bir boʻlagiga aylanishi uchun harakat qilinadi. Bunda har bir oʻquvchi uchun taʼlimning eng yuqori nuqtasiga olib boruvchi trayektoriya mavjud.
Yakunda “Kareliya” universiteti prezidenti janob Petri Rayvo fin tomoni Oʻzbekistonda yangi amaliy fanlar institutini ochishda amaliy yordam berishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.