Oʻzbekistonda PISA muallifi Andreas Shlyaxer Ishtirokida xalqaro konferensiya oʻtkaziladi
Oʻzbekistonda PISA muallifi
Andreas Shlyaxer
Ishtirokida xalqaro konferensiya oʻtkaziladi
Joriy yilning 10–13-aprel kunlari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti(OECD) bosh kotibining Taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi, PISA dasturining tashabbuskori va rahbari Andreas Shlyaxer Oʻzbekiston Respublikasiga ilk marotaba tashrif buyuradi.
Tashrif doirasida IHTT bosh kotibining Taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi rasmiy tadbirlarda ishtirok etishi hamda bir qator vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.
11-aprel kuni poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida “Taʼlimdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etiladi. Tadbirda Andreas Shlyaxer, Taʼlim inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, YUNISEF, YUNESKO, Jahon banki, Finlyandiya taʼlim va madaniyat vazirligi rahbariyati va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
Konferensiya kun tartibidan Taʼlim tizimini takomillashtirishda PISA-2022 baholash dasturining ahamiyati va kutilayotgan natijalar, inson kapitalini rivojlantirish, Oʻzbekistonning xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish holati hamda istiqboldagi rejalar va boshqa qator masalalar muhokamasi oʻrin olgan.
Maʼlumki, mamlakatimiz 2022-yilda ilk marotaba PISA(15-16 yoshli oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha xalqaro dastur) xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadi. Xalqaro iqtisodiy hamkorliklar tashkiloti(OECD) tomonidan oʻtkaziladigan ushbu tadqiqotlarda 90 ga yaqin davlatlar qatnashadi. PISA tadqiqoti 15-16 yoshli oʻquvchilarning matematik, tabiiy-ilmiy, oʻqish savodxonligi va kreativ fikrlash qobiliyati baholashga qaratilgan boʻlib, joriy yilning aprel-may oylarida xalqaro tashkilot tomonidan tanlab olingan, mamlakatimizning turli hududlaridagi 202 ta maktabda ushbu tadqiqotlar kompyuter yordamida oʻtkaziladi.
PISA tadqiqotlari har bir mamlakatga oʻzining kuchli va zaif tomonlarini dunyo taʼlim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etadi, yaʼni investorlar mamlakatda bilimli, malakali kadrlar bormi, degan savolga bu tadqiqot natijalari orqali javob topadi.
Ushbu tadqiqotlar orqali mamlakatimizdagi taʼlim tizimi, taʼlim muhiti, taʼlimni tashkil etilishi, tanqidiy va ijodiy fikrlashlari, egallagan bilimlarini hayotda qoʻllay olish qobiliyatlari, ota-onalarning farzandlarini taʼlim olishlariga eʼtiborlari va uyda yaratilgan sharoitlari boʻyicha atroflicha ilmiy asoslangan va ishonchli maʼlumotlar olishga erishish koʻzlangan.