“Ofat va matonat” kurashi
Bugun AOKA majlislar zalida “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Ofat va matonat” nomli kitobning taqdimoti o‘tkazildi.
Mazkur kitob 5 ming nusxada chop etilgan bo‘lib, unda 2019-yilda paydo bo‘lgan “COVID-19” kasalligi butun dunyo bo‘ylab tarqalib, barchani tashvish va sarosimaga solib qo‘ygan, sinovli kunlarda xalqimizning matonat bilan birdamlik va hamjihatlikda jonbozlik ko‘rsatgani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan ko‘rsatmalar asosida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish, hududlarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha qisqa muddat ichida kompleks chora-tadbirlar belgilangani va uning muhim samaralari keng yoritilgan.
Shuningdek mazkur kitobda og‘ir pandemiya sharoitida Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol, Sirdaryo viloyatidaki suv toshqinini keltirib chiqargan talofat el-yurtimizning matonatini sinovdan o‘tkazgani, ana shunday kunlarda mehr-oqibat, sabr-toqat va matonat, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, muruvvat, xayr-saxovat va ko‘mak ko‘rsatish, fidoyilik kabi fazilatlar samimiy va bag‘ri keng xalqimizning eng muhim va azaliy qadriyatlari ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Taqdimot ishtirokchilari tadbir yakunida Pandemiyaga qarshi kurash hamon davom etayotgani va bugungi bosh talab — vaksinatsiyaga ham jiddiy e'tibor qaratilmog‘i lozimligini ham ta’kidladilar.
Murakkab pandemiya sharoitida mamlakatimizda kechgan tarixiy jarayonlar, og‘ir sinovlarni ulkan mardlik, sabru matonat bilan yengib o‘tayotgan xalqimizning ezgu fazilatlari haqida hikoya qiluvchi mazkur kitob keng o‘quvchilar ommasida, xalqimizning barcha toifaga mansub kitobxonlariga yurtimiz mustaqilligining shonli o‘ttiz yilligi arafasida munosib tuhfa bo‘ldi.