“Oltin qalam” XVI Milliy mukofotining taqdirlash marosimi 4-may kuni o‘tkazilishi ma’lum qilindi
“Oltin qalam” XVI Milliy mukofotining taqdirlash marosimi 4-may kuni o‘tkazilishi ma’lum qilindi
Kecha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan milliy matbuot markazida “Oltin qalam” XVI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning o‘tkazilishiga doir masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Joriy yilda o‘tkazilayotgan “Oltin qalam” XVI milliy mukofoti tanloviga 435 nafar ishtirokchi 5 000 ga yaqin ijodiy ishlarini topshirgan, jumladan, televideniye yo‘nalishi bo‘yicha – 126, bosma nashrlar yo‘nalishi bo‘yicha – 138, internet-jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha – 45, “OAV bilan eng faol hamkor axborot xizmati” nominatsiyasi bo‘yicha – 16 ta, tanlovning asosiy yo‘nalishidagi “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” bo‘yicha ham o‘tgan yilgiga nisbatan ijodiy ishlar ko‘p taqdim etilgan.
G‘oliblar uchun quyidagi mukofotlar ta’sis etilgan:
Jurnalistika sohasida Bosh milliy mukofot. Gʻolib maxsus diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va bazaviy hisoblashning 200 barobari miqdorida (ya’ni 54 000 000 so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Asosiy mukofotlar:
– “Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot” (televideniye – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);
– “Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot” (radio – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);
– “Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot” (bosma OAV – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);
– “Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot” (internet-jurnalistika – 1-, 2-, 3-o‘rinlar).
– “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” – 1 ta birinchi o‘rin, 4 ta ikkinchi o‘rin (bosma OAV, TV, radio, internet).
Birinchi o‘rinni olganlar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va bazaviy hisoblashning 160 barobari miqdorida (ya’ni 43 200 000 so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Ikkinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va bazaviy hisoblashning 140 barobari miqdorida (ya’ni 37 800 000 so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Uchinchi o‘rinni egalari diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuyetkasi va bazaviy hisoblashning 120 barobari miqdorida (ya’ni 32 400 000 so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Shu bilan birga, “Inson qadrini ulug‘lashga bag‘ishlangan eng yaxshi materiallari uchun”; “Mahalla, oila va gender tenglik mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun”; “O‘zbekiston tarixi yoritilgan eng yaxshi material uchun”; “OAV bilan eng faol hamkor axborot xizmati”; “Eng yaxshi fotoreportaj” rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari bo‘yicha ham mukofotlar topshiriladi.
Shuningdek, mazkur nominatsiyalar g‘oliblari diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 50 barobari miqdorida (ya’ni 13 500 000 so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Tanlov g‘olib va sovrindorlariga mukofotlar shu yilning 4-may kuni “Turkiston” san’at saroyida (soat 16.00 da) tantanali taqdirlash marosimida topshiriladi.