Ona tilim-g'ururim
Ona tilim-g'ururim, faxrim!
Toshkent shahar xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida “Ona tilim-g'ururim, faxrim” mavzusidagi bayram tadbiri bo'lib o'tdi. Tadbirda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, Muhammad Yusuf nomidagi Jamoatchilik fondi raisi Nazira as-Salom faxriy mehmon sifatida ishtirok etdilar. Ushbu tadbirni, asosan, malaka oshirish institutining “Tillarni o’qitish metodikasi” kafedrasi hamda oktyabr oyi tinglovchilari-ona tili va adabiyot fani o'qituvchilari guruhi institut rahbariyati boshchiligida tashkillashtirdilar. Dasturni malaka oshirish instituti rahbari Abdulla Ibragimov ochib berdi. Undan keyin so'zga chiqqanlar tilimizning ijtimoiy hayotimizda va milliy yuksalishimizda ahamiyati beqiyos ekanini aytib o'tdilar. Shundan so'ng milliyligimiz belgisi va xonadonimiz baxt chirog'i bo'lmish alla sadosi yangradi. Qadriyatlarimiz orasida eng ajoyib bo'lgan an'ana- bolani beshikka solish marosimi ijro etildi. Ulug' shoirimiz Muhammad Yusuf ijodidan hamda tilimizni ulug'lovchi va madh etuvchi she'rlar o'qildi. Xalq og'zaki ijodidan aytilgan laparlar barcha tomoshabinlarga ko'tarinki kayfiyat ulashdi.
Raqs... O'zining jozibasi bilan o'tirganlarni sel qiluvchi Tanovorga ijro etilgan raqs o'qituvchilarning yana bir bor serqirra ijodkorlar ekanini isbotladi. Oktyabr oyining sovuq kunlarida o'tkazilgan ushbu tadbir o'z tafti bilan barchaning qalbiga iliqlik baxsh etdi. Bizga beshikdan yondosh va qondosh bulgan tilimiz- Ona tilimiz bilan faxrlanishimiz yana bir bor o'z ifodasini topdi.
Bor-yo'q tashvishi bayramlaru to'ylar bo'lgan tinch va farovon yurtimizga ko'z tegmasin! Bayramlar yanada ko'paysin! Ona tilimiz omon bo'lsin!
Taniqulova Rayhon,
Malaka oshirish instituti tinglovchisi,
268-maktab o’qituvchisi