“PREZIDENT ARCHASI” TADBIRINING DASTLABKI SEANS DASTURLARI BOSHLANDI
Bugun Toshkent shahridagi “Tomosha” bolalar teatr studiyasida Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Prezident archasi” tadbirining dastlabki seans dasturlari boshlandi.
Erta tongdan teatr binosi bayramona kayfiyatdagi bolalar bilan to‘ldi. Tantanalar Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiy xizmatchilarning bolalari, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Bolajonlar “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan “Yangibekning orzusi” nomli teatr tomoshasini miriqib tomosha qilishdi.
– Yangi yil juda ham quvnoq bayram. Bunda har bir inson o‘z kelajagi oldiga maqsadlar qo‘yadi, yaxshiliklar ulashadi. Biz Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga ham Prezidentimiz tomonida shunday bayram tashkil qilib berilganidan xursand bo‘ldik. Buning uchun kata rahmat. Qolaversa, fursatdan foydalanib, bizga ta’lim-tarbiya berayotgan ustozlarimizga, mehribon tarbiyachilarimizga ham biz uchun qilayotgan mehnatlari, chekayotgan zahmatlari uchun rahmatlar aytaman, – deydi Poytaxtimizdagi 22-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Sabina Mustafoyeva.
Mazkur bayram dasturi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Bolajon” va “Aqlvoy” telekanallari tomonidan bayram kunlari tashkil etiladigan Yangi yil telemarafoni doirasida namoyish etiladi. “Tomosha” bolalar teatr studiyasi o‘tkazilayotgan “Prezident archasi” tadbirining takroriy seanslari joriy yilning 29-30-dekabr kunlari soat 10:30 va 13:30 larda bo‘lib o‘tadi.
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining ma’lumot berishicha, 2022-yilgi “Prezident archasi” tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar taqdim etgan ro‘yxatlar asosida 3-15 yoshdagi 9 873 nafar o‘g‘il-qizlarning ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu bolalarga 10,2 mlrd. so‘mlik homiylik mablag‘lari hisobidan “Prezident sovg‘asi” tayyorlandi hamda joylarga yetkazildi.
“Prezident sovg‘asi” tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 14 turdagi shirinliklar, rasm daftari, rangli qalamlar to‘plami, sovg‘alar solinadigan qop, ryukzak, kitoblar to‘plami, shaxmat, shuningdek, Mehribonlik uylari, SOS bolalar mahallalari va Oilaviy bolalar uylarining 12-18 yoshli tarbiyalanuvchilari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, sovg‘alar solinadigan qop, ryukzak, elektron kitob, termos, shaxmat kiritilgan.
29–30-dekabr kunlari viloyat hokimliklari, sektor rahbarlari va xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan respublikaning barcha hududlarida “Prezident archasi” tadbirlari tashkil qilinadi hamda bolalarga “Prezident sovg‘asi” tarqatilishi rejalashtirilgan.
Zilola MADATOVA