Prezident sovg‘alari topshirildi
Nurafshon shahridagi 48-umumta’lim maktabda ham birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangradi. 48-umumta’lim maktabda bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida Nurafshon shahar Ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha sho‘ba rahbari Fotima To‘xtanazarova barchani Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi bilan qizg‘in muborakbod etib, ta’lim sohasi xodimlarini, o‘qituvchi va murabbiylarni, o‘quvchilarni yangi 2022-2023 o‘quv yilining boshlanishi bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, umumta’lim maktabida ta’lim oluvchi 1047 nafar o‘quvchini, shu jumladan, 1-sinfga qabul qilinayotgan 129 nafar bolajonni maktab ostonasiga ilk bora qadam qo‘ygani bilan muborakbod etdi.
Bugun maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan o‘quvchilarning hayajonlari cheksiz, ularning murg‘ak qalblarida Vatan, ona, tinchlik, do‘stlik kabi muqaddas qadriyatlar eng avvalo, mana shu maskanda keng quloch yozib, shakllanadi.
Har yili birinchi sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘asini tantanali tarzda topshirish an'anaga aylanib qolgan. Maktabning 4 ta 1-sinfiga qabul qilingan bolajonlarga ham Prezidentimizning ushbu sovg‘alari topshirildi.
Faxriddin RAHIMOV