Qalb qoʻngʻirogʻi
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 207-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham soʻnggi qoʻngʻiroq sadolari tantanali tarzda oʻtkazildi. Erta tongdan yuzlarida begʻubor bolalikning nuqsi urib turgan bitiruvchilar hayajon bilan maktab hovlisida toʻplanishdi. Mehr rishtalari bogʻlanib turgan jonajon maktabidan ularning hech ketgisi yoʻq. Ammo vaqt oʻz hukmini oʻtkazadi.
Dastlab davlat madhiyasi yangrab, kechaga oʻzgacha ruhda harorat indi. Soʻngra Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Komiljon Karimov davlatimiz rahbarining maktab bitiruvchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.
— Maktabimizda 700 nafarga yaqin oʻquvchilar taʼlim-tarbiya oladi, — deydi maktab direktori Muslima Shodmonova. — Bu yil 64 nafar oʻquvchi 11-sinfni, 56 nafar oʻquvchi 9-sinfni bitirdilar. Quvonarli jihati shundaki, 3 nafar oʻquvchimiz muddatidan oldin oliy taʼlim muassasasi talabasi boʻlishdi. Bu esa bizga faxr bagʻishlaydi.
Ha, mazkur taʼlim muassasasining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya, Toshkent geologiya fanlari hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetlari bilan hamkorlik shartnomasi bor. Ushbu shartnomaga muvofiq, umumiy oʻrta va oliy taʼlim tizimini bir-biriga yaqinlashtirish, oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishga qiziqtirish hamda taʼlimdagi yangi va zamonaviy uslublarni amaliyotga tadbiq qilishdir. Bitiruv tadbiriga ushbu oliy taʼlim muassasalari rahbar-xodimlari ham ishtirok etishdi.
Tadbir juda qiziqarli oʻtdi. 11-sinf oʻquvchisi Bunyod Roziqov soʻnggi qoʻngʻiroqni chalib, oʻsha qoʻngʻiroq sadolari ostida barcha oʻquvchilar qadrdon maktab bilan xayrlashdilar.
Gʻofur Jabiyev