Qalblarni hayajonga to‘ldirgan kun
“Xayr, maktabim...”, “So‘nggi qo‘ng‘iroq”... Erta tongdan yangragan bu taronalar, jarangdor qo‘ng‘iroq sadosi o‘quvchi-yu o‘qituvchilarni yanada hayajonga soldi. Bugun yurtimiz umumta’lim maktablaridagi 438 ming nafar bitiruvchining qalbi mana shunday his-hayajonga to‘ldi. Ayniqsa, o‘quvchilarning dil izhorlari va chiqishlarida namoyon bo‘lgan cheksiz hurmat-u minnatdorchilik barchamizning ko‘nglimizga iliqlik tuhfa etdi.
Bu yil maktabimizni 130 nafar o‘g‘il-qiz tamomlab, ta’limning keyingi bosqichiga yo‘l olishmoqda. Jumladan, sinf rahbarligimdagi 11-“G” sinfining 33 nafar o‘quvchisi ham katta hayot sari qadam tashlayapti. Ular orasida iqtidorli o‘quvchilar talaygina. Ushbu o‘quv yilining o‘zida ko‘pgina yoshlar xalqaro universitetlarga onlayn imtihonlardan o‘tib, o‘z salohiyatini sinab ko‘rishdi. Quvonarlisi, o‘quvchilarim — A.Fayzullayev, A.Zokirov, L.Valiulina, S.Toyirovlar allaqachon talaba bo‘lib ulgurishdi. Ko‘pgina a’lochi o‘g‘il-qizlar shu vaqtgacha Prezident maktabi va boshqa nufuzli maktablar, akademik litseylarga o‘qishga kirishgani ham bizning faxrimiz.
Pandemiya davri barchamiz uchun sinovli davr bo‘ldi. Shunga qaramay, o‘quvchilar tinmay bilim olishga harakat qilishdi. Bu yilgi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri arafasida Prezidentimizning yoshlarga yo‘llagan bayram tabrigi xushkayfiyat ulashdi. Darhaqiqat, o‘tgan davrda o‘qituvchilar, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obro‘sini oshirishga katta e’tibor qaratildi. Bugungi kunda butun yurtimizni qamrab olgan besh muhim tashabbus doirasida yoshlarimizning yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi uchun ko‘p ishlar qilinayotir. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, bizning maktabimizda ham keng polosali Internet tarmog‘iga
ulangan IT texnologiyalari mavjud. Ta’lim muassasamiz “Zamonaviy maktab” loyihasi doirasida kapital ta’mirlanib, yangi rusumdagi jihozlar bilan ta’minlandi. Bu sifatini oshirishga, o‘g‘il-qizlarning yanada savodli bo‘lishiga xizmat qiladi. Aytish joizki, yaqin kelajakda maktab qoshida yangi o‘quv markazlari tashkil etilib, o‘quvchilar shu yerda qo‘shimcha bilim olishiga imkon yaratilishi ko‘zda tutilgan. Va bu yerda bolalarning oliy ta’lim muassasalariga kirishi uchun imtiyozli o‘quv mashg‘ulotlari faoliyat boshlaydi.
Maktab direktori Gulnora Islomova va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nilufar Rashidova boshchiligida turli tadbirlarda faol ishtirok etgan va nufuzli tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarni taqdirlash yaxshi an’anaga aylandi. Bu sa’y-harakat iqtidorli bolalarning tengdoshlari uchun motivatsiya bo‘ladi, albatta.
O‘tgan yilgi maktab bitiruvchilarining 49 foizi oliy ta’limga qamrab olingani quvonarlidir. Bu yilgi ko‘rsatkich undan-da yuqori bo‘lishiga umidvormiz. Jumladan, birgina o‘zim rahbarlik qilgan sinf o‘quvchilarining 70 foizi oliy ma’lumotli bo‘lishga qattiq bel bog‘lashgan. Pedagog sifatida bu o‘quvchilarning ahil-inoq, bilimdon va do‘st bo‘lib
maktab ostonasida turganini ko‘rib faxrlanaman.
Ma’pura AKRAMOVA,
Poytaxtimizdagi 61-maktab o‘qituvchisi