Rus tilini oʻqitish muammolariga bagʻishlangan Forum oʻtkazildi
OʻzDJTSUda Rus tilini oʻqitish muammolariga bagʻishlangan Forum oʻtkazildi
Bugun, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Oʻzbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligi, Toshkent viloyati Xorijiy tillarni ommalashtirish agentligi, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi Elchixonasi hamda Chirchiq davlat pedagogika instituti hamkorligida rus tilini oʻqitish muammolariga bagʻishlangan Forum oʻtkazildi.
Forumda Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi Elchixonasi vakillari, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Chirchiq davlat pedagogika institutining Xorijiy tillar kafedrasi professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Mazkur Forum Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-5117-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazildi.
OʻzDJTSUning Xorijiy tillar kafedrasi mudiri F.Norboyeva, katta oʻqituvchilari R.Xodjiyev, X.Djurayeva tomonlaridan “Maktab+universitet” hamkorlik loyihalarini tashkil etish va bu loyihalarga maktab oʻqituvchilarini jalb etish boʻyicha bildirgan takliflari Forum qatnashchilari tomonidan zoʻr qiziqish bilan qabul qilindi.
Tadbir yakunida Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi Elchixonasi vakili Suljina Irina Vladimirovna tomonidan universitet kutubxonasiga xomiylik tarzda 100 nomdagi xorijiy adabiyotlar taqdim etilib, universitet rahbariyatiga minnatdorchilik bildirildi.
OʻzDJTSU matbuot xizmati