STesting platformasining dastlabki tahlil va natijalari qanday?
STesting platformasining
dastlabki tahlil va natijalari qanday?
O‘zbekiston ilk bor PISA, PIRLS, TIMSS, TAILS, EGRA/EGMA kabi xalqaro baholash dasturlarida qatnashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jahondagi
100 dan ortiq mamlakatlar o‘z ta’lim tizimiga xolis baho berilishi uchun mazkur tadqiqotlarda ishtirok etadi. O‘zbekiston uchun ham bu — mamlakatda ta’lim sifatini xalqaro maydonda baholash va to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini aniqlashtirib olish imkonini beradi.
2019-yil 19-martda “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilingan. Unda PISA xalqaro baholash dasturida ishtirok etuvchi davlatlar reytingida kuchli 30 ta mamlakatlar qatoridan joy olish, shuningdek, tadqiqot natijalaridan foydalangan holda umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini baholash milliy tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Nufuzli xalqaro tadqiqotlarda O‘zbekiston umumta’lim muassasalarining ishtirokini ta’minlash maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tizimida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil etildi. Milliy markazning asosiy vazifalari: xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish va muvofiqlashtirishda O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etish, o‘qish, matematika va tabiiy-ilmiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlar olib borish, ta’lim sifatini baholash sohasida xalqaro aloqalarni o‘rnatish, loyihalar ishlab chiqish, xalqaro baholash dasturlarida qayd etilgan natijalarni dunyo mamlakatlari bilan qiyosiy taqqoslash va boshqalardan iborat.
Milliy markaz tomonidan o‘tgan yillarda xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun
202 tumanda 348 ta tayanch maktablar belgilandi.
Shuningdek, tadqiqotlarda ishtirok uchun Jahon
banki tomonidan 4,9 million AQSH dollari ajratildi, 20 nafar mutaxassis Rossiyada malaka oshirib qaytdi (2019-y).
Xalq ta’limi vazirligi boshchiligida xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “STesting” platformasi ishlab chiqildi.
“STesting” – PISA, TIMSS, PIRLS doirasidagi topshiriqlar bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirishga
qaratilgan test va videomahsulotlarni o‘z ichiga olgan innovatsion platformadir. Mazkur loyiha doirasida 100 dan ortiq videolar yaratilib, 1500 dan ortiq testlar joylashtirilgan. Platforma sentabr-oktabr oylarida belgilangan maktablarda tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Muhim jihati, ushbu platformadan foydalanish mutlaqo bepul. Hozirga qadar 2,6 milliondan ortiq o‘quvchi platformadan ro‘yxatdan o‘tdi.
— Maktabimizda xalqaro baholash dasturlarida tayyorgarlik ishlari qizg‘in ketyapti, — deydi Sho‘rchi tumanidagi 4-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Ozoda Jangirova. — Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari (3-4-sinflar) uchun TIMSS va PIRLS dasturi bo‘yicha mashq daftarlari bilan ishlayotgan edik. STesting platformasining joriy qilinishi biz ustozlarga ancha qulaylik yaratdi. Hozir o‘quvchilar unda berilgan testlarni mustaqil bajarib, o‘z bilimlarini oshirmoqda. STestingdan foydalanish nafaqat o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun, balki ota-onalar uchun ham ma’qul bo‘ldi. O‘quvchilar uylarida ham platformada shug‘ullanishi, kompyuteri bo‘lmaganda mobil versiyasidan foydalanishi mumkin.
Mavzuga oid ilmiy-amaliy
konferensiya
— O‘zbekiston maktablari bolalar qamrovi bilan yaxshi natija ko‘rsatmoqda, — deydi UNICEF bola lar fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili o‘rinbosari Geofferey Ijumba. — Menimcha, bu yetarli emas. Nafaqat qamrov, balki ta’lim sifatiga ham ko‘proq e’tibor berish kerak. 2019-yili O‘zbekiston xalqaro baholash tizimi PISAda qatnashish istagini bildirdi. Bu ta’lim muhiti, natijalari, dasturlarini qanday takomillashtirish mumkin, degan savollarga javob beradigan juda obyektiv tizim hisoblanadi. Albatta, bu juda katta texnikaviy, ko‘plab mutaxassislarning mehnatini talab qiladigan ish. Lekin yakuni yaxshi natija keltiradi. Yurtingiz 2030-yilga kelib PISA xalqaro dasturida birinchi 30 talik davlatlar qatoriga kirish niyatida. Bu borada hamisha yordamga tayyormiz. Qolaversa, Milliy baholash dasturini shakllantirish harakatlarini boshlaganmiz. Milliy tizim hududlar yoki o‘g‘il-qizlar kesimida yutuq va kamchiliklarni taqqoslashga imkon beradi. Qayerda, qanday kamchiliklar borligini aniq bilib, kerakli islohotlarni amalga oshirishga yordam beradi.
Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik bo‘yicha sa’y-harakatlarni sarhisob qilish va mazkur yo‘nalishda olib borilgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Xalqaro baholash va ta’lim sifatini tadqiq etishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya davomida STesting platformasining dastlabki diagnostik baholash natijalari tahlili e’lon qilindi.
— Joriy yilning aprel oyidan PISA xalqaro baholash dasturida ishtirok etamiz, bunga o‘tgan yildan e’tiboran jiddiy tayyorgarlik ishlari boshlangandi, — deydi Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ayubxon Rajiyev. — Bu borada hamkor xalqaro tashkilotlar bilan loyihalar tuzilgan. Ular ham o‘z yo‘nalishida maktablarda turli tadqiqotlar o‘tkazdi. Natijalarga qaraydigan bo‘lsak, o‘quvchilar tabiiy fanlarga oid tushunchalardan foydalanishda qiyinchilikka uchragan. O‘quvchilarning amaliy mashg‘ulotlar maqsadi hamda qanday usul va vositalardan foydalanish haqidagi topshiriqlarni bajarishi 10–15 foizni tashkil etadi. Bundan ko‘rinadiki, maktablarda bilologiya, kimyo, fizika, geografiya fanlaridan laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlar yetarli darajada tashkil etilmagan. Shuningdek, o‘quvchilar axborotli matnlarga qaraganda badiiy mantlarni tushunib ishlagan, xulosa chiqarishda g‘oya va ma’lumotlarni uyg‘unlashtirishda qiynalgan. Fikrni yozma bayon etish, tahlil qilish, munosabat bildirish kabi ko‘nikmalar ham yaxshi shakllanmagani dastlabki tahlillarda ko‘rindi. Demak, ana shu jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak. O‘qituvchilar, ota-onalar o‘quvchi bilimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishda mazkur natijalarga qarab xulosa chiqarishlari lozim.
Natijalardan kelib chiqqan holda:
· pedagog mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslarini kuchaytirish;
· OTM bitiruvchilarini ham xalqaro baholash dasturlariga tayyorlash;
· xalqaro baholash dasturlari doirasida darslik, metodik qo‘llanmalar ishlab chiqish;
· STesting qamrovini yanada kengaytirish hamda yangi kontent bazalarini ishlab chiqish lozim degan xulosaga kelindi.
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri