SANATORIYLARGA BEPUL YO‘LLANMALAR TOPSHIRILDI
Bugun poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 110-sonli IDUMda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi — targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va boshqa davlat tashkilotlari mas’ullari, o‘qituvchi va OAV xodimlari ishtirok etdi.
— Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga muvofiq, hujjatning muqaddima qismi va 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar, 6 ta yangi modda kiritilishi rejalashtirilmoqda, — deydi O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi raisi Abduhalil Rahmonov.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi devonining Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Nodira G‘oyibnazarova, Mirzo Ulug‘bek tuman adliya bo‘limi mas’ul xodimi Abror Berdiyev, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Zulayho Kamalxo‘jayeva ma’ruza qildi.
Tadbir davomida 2021-2022 o‘quv yillarida xalq ta’limi muassasalari o‘rtasida reyting tizimida yuqori 5 ta o‘rinni egallagan umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining 55 nafariga sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar tantanali ravishda topshirildi.
Shohsanam MAHMUDOVA,
“Ma’rifat” muxbiri