“Shaxmat – bu miya uchun eng yaxshi gimnastika”
“ Shaxmat – bu miya uchun eng yaxshi gimnastika”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4954-sonli Qaroriga muvofiq yurtimizda yangi avlod vakillari orasidagi aql-zakovat egalari intellektini yanada rivojlantirish uchun muhit yaratish maqsadida “Artel” kompaniyasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021-yil xotin-qizlar o‘rtasida “Nilufar” shaxmat turniri o‘tkazildi. Shuningdek, Toshkent shahridagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchi qizlarining 11 nafariga shaxmat maktabida o‘qish uchun bir yillik bepul sertifikatlar topshirildi.
Markaziy Osiyoda eng yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lgan “Artel” bu safar yana bir tashabbusga qo‘l urdi. 31 may kuni “Autograph” san’at galereyasida “Sky Chess” shaxmat maktabi bilan hamkorlikda shaxmat turniri o‘tkazildi. Aqlni charxlash uchun eng yaxshi jang maydoni bo‘lmish shaxmat turnirini “Artel” kompaniyasi Boshqaruv raisining moliya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bektemir Murodov ochib berdi.
“Bugun o‘tkaziladigan musobaqadan maqsad yoshlar o‘rtasida sportning shaxmat turiga qiziqishni oshirish, ularni yangi g‘alabalar sari rag‘batlantirish va bu bilan O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland hilpiratadigan yangi chempionlar yetishib chiqishiga o‘z hissamizni qo‘shishdir. “Artel” kompaniyasi har doim yosh shaxmat ustalarini qo‘llab-quvvatlashga va ular bilan yelkama-yelka turishga tayyor”, dedi Bektemir Murodov.
“1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”ga bag‘ishlangan ochiq turnirda 14 yoshgacha va blis o‘ynash tajribasiga ega bo‘lgan 60 dan ortiq bolalar qatnashdi.
Turnir shvetsarcha tizimda 9 turdan iborat bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, har bir o‘yin murosasiz kechdi. Yosh shaxmat ustalari bor mahoratini ishga solib, o‘zlarining bu borada yanada tajriba to‘plab borayotganliklarini isbotlashdi.
Shuningdek, OAV xodimlari o‘rtasida ham shaxmat bo‘yicha musobaqa tashkillashtirildi. Jurnalistlar o‘rtasidagi o‘yinlar ham qiziqarli kechdi.
Yakunda g‘olib ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Qolaversa, kompaniyamiz yurtimizning umidli ikki nafar yosh shaxmatchisiga yaqinda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro turnirda ishtirok etishi uchun homiylik qiladi.
Qayd etish joiz, “Artel” kompaniyasining bugungidek turnirlari yurtimizda shaxmat sport turnirini yanada ommalashtirishga xizmat qiladi va bu kabi musobaqalar orqali sport targ‘ibotiga hissa qo‘shishni o‘zining korporativ-ijtimoiy mas’uliyati, deb biladi.