She’riyatimiz sohibqironi
O’zbek adabiyoti va adabiy tilining asoschisi, ulug’ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy jahon adabiyotining Homer, Firdavsiy, Nizomiy, Gyote, Pushkin kabi ulkan so’z san’atkorlaridan biri bo’lib, u o’z avlodlariga va dunyo xalqlariga beqiyos darajada katta adabiy va ilmiy meros qoldirgan.
Alisher Navoiy go’yo she’riyat ummonida suzish uchun dunyoga kelgan edi. “Muhokamat ul lug’atayn” asarida yozishicha yigitlik chog’larida ellik ming baytdan ortiq she’rlarni yod bilgan. Shu bois ham lirik turning yigirmaga yaqin janrlaridan unumli foydalanib, uch mingdan ortiq g’azal, yuzlab ruboiy va qit’alar ijod etdi. Bu kabi asarlarini to’plab beshta devonga tartib berdi. Ularni “Xazoyin ul maoniy” va “Devoni Foniy” deb atadi. Shoir o’z lirikasida aruzning yuzga yaqin vaznlaridan va yuzdan ortiq she’r san’atlaridan mohirona foydalana oldi. Haligacha butun Sharq she’riyati va adabiyotida bu kabi katta iste’dod egasi uchramaganligini olimlarimiz qayd etishgan.
Hali yigirma besh yoshlarda bo’lgan Alisher Navoiy ustozi Sayyid Hasan Ardasherga yozgan “hasbi hol” Masnaviysida o’zida juda katta ijodiy jasorat his etayotganini aytadi. Hatto Firdavsiyning o’ttiz yilda yozgan “Shohnoma“sini o’ttiz oyda yozaman deydi:
Dedi o’z tili birla ul koni ganj:
“Ki si sol burdam ba Shohnoma ranj”.
Ani derga bo’lsa qachon rag’batim,
Erur oncha haq lutfidin quvvatim,
Ki har necha nutq o’lsa kohil saroy,
Bitgaymen o’ttuz yilin o’ttuz oy.
Yana davomiga e’tibor berishingizni istardim: “Aning kunda yuz bayti halvom erur”. Shundan keying misrada haliyam ikki yuz bayt demayapman degan fikrni keltiradi.
Demak, bu bilan Alisher Navoiyning favqulodda iste’dod sohibi ekanligini anglab yetamiz.
Navoiy ijodining cho’qqisi “ Xamsa” asaridir. Holbuki, “Xamsa” yozish an’anasini birinchi bo’lib Nizomiy Ganjaviy boshlab berib, bu ishga o’ttiz yillik umrini bag’ishlagan edi. Xusrav Dehlaviy o’n yilda, Abdurahmon Jomiy besh yilda “Xamsa”larini bitgan bo’lsa, Alisher Navoiy xalq xizmati va davlat ishlari bilan bandligiga qaramay uzog’i bilan ikki yilda o’z “Xamsa”sini yaratdi.
Shoir “Saddi Iskandariy” dostoni xotimasida shu ikki yilning ichida ham faqat “Xamsa” yozishga ketgan vaqtnigina hisoblasa olti oydan oshmasligini e’tirof etadi:
Ki ahli muhosib shitob aylasa,
Deyilgan zamonin hisob aylasa.
Yig’ishtursa bo’lmas bori olti oy,
Ki bo’lding bu ra’noga suratnomoy.
Navoiy “Xamsa”sini shunchalik qisqa fursatda yozganiga qaramay badiiy jihatdan salaflarining “Panj ganj”idan kam bo’lmaganini eslatib o’tish joizdir. Zero, shoir o’zining “hasbi hol” masnaviysida ta’kidlaganidek:
Falak ko’rmadi men kibi nodire,
Nizomiy kabi nazm aro qodire
deyishga ma’nan haqli edi. Xullas, Alisher Navoiy bizga yuz ming baytdan ortiq adabiy va ilmiy meros qoldirgan. Bu haqda o’zi ham “Lison ut-tayr” dostonida shunday satrlarni bitgan edi:
Nazmu nasrim kotibi taxminshunos,
Yozsa, yuz ming bayt etar erdi qiyos.
Olimlarimizning e’tirof etishicha, 70 ming baytdan ortig’i nazmda, 30 ming bayti nasrda bitilgan.
Biz ustozlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida adabiyotimiz va she’riya-
timiz Sohibqironi bo’lgan Alisher Navoiy ijodiga qiziqish uyg’otolsak, milliy ma’naviya-
timizning taraqqiyotiga hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olg’a surayotgan
uchinchi renessans poydevoriga munosib hissa qo’shgan bo’lamiz.
Baxtiyor Nazarov,
Dehqonobod tumanidagi 7-maktab ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi