“Sifat — davr talabi” mavzusidagi an’anaviy ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi
2023-yil 9-noyabr kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Butunjahon sifat kuni”ga bag‘ishlangan “Sifat — davr talabi” mavzusidagi an’anaviy ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi
Butun jahon sifat kuni har yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida noyabr oyining ikkinchi payshanba kuni nishonlanadi. Bu yil 2023-yil 9-noyabrga to‘g‘ri keldi. Ushbu bayram dunyoda birinchi marta 1989-yil 9-noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ko‘magida Yevropa Sifat Tashkiloti (YeST) tashabbusi bilan nishonlangan.
Butunjahon sifat kunining asosiy maqsadi, yuqori sifatli mahsulotlar va xizmatlarning ahamiyatini oshirish, shuningdek sifatga erishishdagi muammolarga e’tiborni qaratish tadbirlarni faollashtirishdan iborat.
O‘zbekistonning sifat sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadi, yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun ichki va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarimiz va xizmatlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, ijtimoiy masalalarni hal qilish va pirovardida fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashdan iboratdir.
Ilmiy-amaliy seminar tadbirini o‘tkazishdan asosiy maqsad talaba-yoshlar tomonidan sifat menejmenti va uning afzalliklari to‘g‘risidagi tushunchalarni ilmiy jihatdan yanada mukammal o‘rganish hamda ishlab chiqarish korxonalarida qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallashdan iborat.
Tadbirda mutaxassislar ilmiy-amaliy seminar qatnashchilariga Xalqaro standartlar va uning sohalar kesimidagi ulushi, ayniqsa yengil sanoat korxonalaridagi amaldagi standartlar, Texnik jihatdan tartibga solish agentligining sifat menejment tizimlarini joriy etish afzalliklarining mazmun-mohiyatini taqdimot shaklda batafsil tushuntirib berdilar. Shuningdek, ular institut talaba-yoshlari va pedagog xodimlar tomonidan berilgan dolzarb savollarga ham asosli javob berdi.
Bundan tashqari, ishtirokchilari “BAKANTEX” to‘qimachilik fabrikasining sifat laboratoriyalari va ularda mjoylashgan zamonaviy laboratoriya uskunalari to‘g‘risida ham atroflicha ma’lumot oldilar.
O‘z navbatida ilmiy-amaliy seminarda 5-6 nafar iqtidorli talaba-yoshlar o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Institut rahbariyati ushbu ilmiy-amaliy seminarda faol ishtirok etgan talabalar hamda mutaxassislarni tashakkkurnoma, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi.
O‘ylaymizki, mazkur ilmiy-amaliy seminar qatnashchilari to‘qimachilik, paxta tozalash va yengil sanoat korxonalarida sifat menejmenti hamda uning afzalliklari to‘g‘risidagi tushunchalarga ega bo‘lish bilan birga ishlab chiqarish korxonalarida uni qo‘llash bilan bog‘liq ko‘nikmalar ham shakllantirdi.
Abdusattor ABDUG ‘ AFFOROV