So‘nggi qo‘ng‘iroq — katta hayotga boshlovchi yo‘l!
Ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimiz maktablarining bitiruvchilariga tabrik yoʻllandi. Mazkur tabrikda bir qator samimiy tilaklar barobarida, so‘ngi yillarda ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar hamda kelgusi yillardagi rejalar haqida so‘z boradi.
Ta’lim sohasiga jiddiy e’tibor qaratilishi va sifatli ta’limni ta’minlash maqsadida amaliy ishlar ko‘lami oshirildi. So‘nggi toʻrt yilda 134 ta yangi maktab qurilib, 2 ming 965 ta maktab rekonstruksiya qilinib, tubdan taʼmirlangani va jihozlandi. Yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan, ayniqsa, chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda. Harakatlar qisqa muddat ichida ijobiy natijalarni ko‘rsatishni boshladi. Jumladan, oxirgi bir yarim yilda iqtidorli oʻquvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 18 ta kumush, 30 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Buning zamirida zahmatkash ustoz-murabbiylarning ham mehnatlari yotibdi. Oʻqituvchilar, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnatini munosib ragʻbatlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini oshirishga ahamiyat berilmoqda.
Joriy yilda mamlakatimizdagi maktablarni qariyb 438 ming nafar oʻquvchi yoshlar tugatishadi. Kelgusida ularning kelajagiga — ta’limning keyingi bosqichida davom ettirishlari yoki kasb-hunar egallab, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yildagi 9 foizdan 2020-yilda 25 foizga yetkazildi. Mazkur koʻrsatkichni joriy yilda 28 foizga oshiriladi. 2030-yilda esa 50 foizga yetkazish – asosiy vazifa etib belgilandi.
Mamlakatimizda 137 ta oliy o‘quv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum faoliyat ko‘rsatmoqda. Yoshlarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyati ham yaratilgan. 71 ta oliy ta’lim muassasasida sirtqi, 18 ta oliygohda kechki bo‘limlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlaridagi ehtiyojdan kelib chiqib, so‘nggi 5 yilda bakalavriat bosqichida 134 ta ta’lim yo‘nalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil etildi.
800 dan ortiq madaniyat markazida 4,5 mingdan ziyod to‘garak faoliyat yuritmoqda. Ular musiqa asboblari va zarur jihozlar bilan ta’minlangani, maktablarda tashkil etilgan. 36,5 mingdan ziyod to‘garaklarga 1 million 100 ming nafar o‘g‘il-qizlarimiz jalb etilgani quvonarli hol. Shuningdek, respublikamiz maktablarida 49 mingdan ortiq, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida esa 26 mingga yaqin to‘garaklarda minglab o‘g‘il-qizlar jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Xuddi shunday so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari Yunusobod tumanidagi 51-maktabda ham jarangladi.
— Bugun maktabimizni 96 nafar o‘quvchimiz bitirishmoqda. Ularning 2 nafari oltin, 2 nafari kumush medal bilan umumta’limni yakunlashdi, — deydi maktab direktori Nargiza Karimova. — Ularning kelgusi hayotlariga omad tilar ekanmiz, nafaqat rahbar-pedagog, balki yaqin bir inson sifatida yoshlarimizga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlarini xohlaymiz. Oliy taʼlim muassasalarida 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich masofaviy taʼlim shaklida ham kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilayotgani ham muhim qadamlardan biri. Hozirgi kunda yoshlarimiz uchun bir vaqtning oʻzida 5 tagacha oliy taʼlim muassasasida tanlovlarda ishtirok etishlari ularning imkoniyatlarini yanada oshiradi. Davlat rahbarining maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabriklari orqali mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib, “hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar” deganlarining o‘zi yoshlarimizdan butun mamlakatimizning umidlari katta ekanligini anglatib turadi. Barcha bitiruvchilarimizni oʻqishni tugatganliklari bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ularga muvaffaqiyatli hayot tilayman. Omad, yangi gʻalabalar, yaqinlarning qoʻllab-quvvatlashi, baxt va muvaffaqiyat hayotlarining hamrohi boʻlsin!
Biz bitirluvchilarimizning har biriga qattiq ishonamiz, — deydi maktabning MMIBDO‘ Yoqutxon Umarova. — Ularning har biri o‘z maqsadlariga ega. Ta’limning eng katta qismini maktabda olishdi. Ustoz-murabbiylari bergan ta’lim-tarbiyani katta hayotda tadbiq etishadi deb o‘ylaymiz. Kelajakda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, bizning yuzimizni yorug‘ qilishadi. Ularga tilagimiz oʻzgarishlardan hech qachon qoʻrqmang! Katta orzularingiz sari jasorat bilan ildam qadam tashlang. Kelajakda sizni kutib turgan narsalarning barchasi birinchi navbatda faqat oʻzingizga bogʻliq. Harakat qiling, olgʻa intiling va hech qachon taslim boʻlmang! Oʻz hayotingizni oʻzingiz bunyod eting – oson yoʻllarni, boshqalar zabt etib boʻlgan choʻqqilarni izlamang, oʻz olamingizni, taqdiringizni yarating. Boshqalarga ergashmang, o‘z yo‘lingizni oching!
Bayram tadbiri bitiruvchilarning o‘ziga xos chiqishlari, kuy-qo‘shiqlari bilan ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Ro‘ziqul OCHILOV