“So‘nggi qo‘ng‘iroq” — porloq kelajak jarangi
Bugun 25-may. Har bir maktabda o‘nlab bitiruvchilar uchun so‘nggi qo‘ng‘iroq sadosi jaranglaydigan kun.
Erta tongdan yurtimizning har bir maktabida katta tantanalar boshlandi. O‘quvchilar bir yil davomida tahsil olgan bosqichlarini yakunlab, yangi bosqichga yo‘l olishlari oldidan tantanalarda ishtirok etishdi.
Olmazor tumanidagi 28-umumta’lim maktabida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi. Joriy o‘quv yilida maktabni 5 ta 11-sinfdan jami 154 ta o‘quvchi bitirib, mustaqil hayotga uchirma bao‘ldi.
— Bu yilgi tadbir o‘zgacha o‘tyapti, — deydi maktab rahbari Mirzohid Tursunov. — Ayniqsa, kecha davlatimiz rahbarining maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabriklari katta bir yangi voqelik bo‘ldi. Bu hukumatimiz tomonidan maktab bitiruvchilariga bildirilayotgan katta ishonch namunasidir. Bugun “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab ta’limini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilyapti. Zero, ta’limga sarflangan mablag‘, e’tibor albatta o‘z mevasini beradi. Maktabimiz kelgusi yillardan tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilishi rejalashtirilgan. O‘quvchilarimiz orasida ham shu yo‘nalish bo‘yicha chuqur bilim olish istagidagilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Tugallangan o‘quv yilida ham variativ sinfimizda darslar shu yo‘nalishda olib borildi.
Haqiqatan ham kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigi katta yangilik bo‘ldi. Bu tabrik zamirida kelajak avlod ta’lim-tarbiyasiga berilayotgan katta e’tibor, yoshlarga bildirilayotgan ishonch tushunchasi aks etmoqda. Qolaversa, bu tabrik bugun mamlakatimizda maktab ostonasidan mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan 438 ming nafar o‘quvchilarga motivatsiya, kuch-quvvat bag‘ishladi.
— O‘quvchilarning oliy ta’lim muassalariga kirish qamrovini oshirish uchun universitet va institutlarning professor-o‘qituvchilari maktablar bilan hamkorlikda ishlamoqda, — deydi O‘zMU jurnalistika fakulteti dekan o‘rinbosari Ravshan Omonov. — Bu yil so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarida Prezidentimizning bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga murojaatini o‘quvchilarga yetkazish maqsadida oliy ta’lim muassasalaridan vakillar qatnashishyapti. O‘g‘il-qizlarimizga yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli va chuqur islohotlarning mazmun-mohiyati, yoshlarning bilim olishlari va mehnat qilishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot bersak, ertangi faoliyatida ular ham Vatan oldidagi mas’uliyatini unutmagan holda el xizmatiga bel bog‘lashadi.
Zilola MADATOVA,
“Ma ’ rifat” muxbiri