“So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro huquq asoslari”dan boxabarmisiz?
So‘z erkinligi — jamiyat rivojining asosini tashkil qiladi. Uni cheklashga urinishlar yaxshi oqibatlarga olib kelmasiligi jahon tajribasidan ma’lum. Ammo so‘z, fikr, axborot erkinligi men istagan narsamni gapirishim yo tarqatishim mumkin degani emas. Bu borada nafaqat mahalliy, balki xalqaro normalar qabul qilingan. Ulardan xabardor bo‘lish har bir insonning ayniqsa, axborot tarqatuvchi soha vakillarining burchidir. Bu borada sizga yaqinda nashr etilgan “So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro huquq asoslari” kitobi katta yordam beradi.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir AOKA va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz hamkorligida tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari va jurnalistlar ishtirok etdi.
“Inson huquqlari kutubxonasi” turkumiga mansub ushbu to‘plam Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tayyorlangan. Tuzuvchi va tarjimon G‘ulom Mirzo, mas’ul muxarrir va so‘zboshi muallifi akademik Akmal Saidov. To‘plamda bir qator xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan 48 ta xalqaro huquqiy hujjatning so‘z, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalari jamlangan.
To‘plamning birichi bobida BMT, YUNESKO va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalaridagi so‘z, fikr va axborot erkinligiga doir normlardan namunalar keltirilgan.
Uchta muhim xalqaro-huquqiy hujjat — raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi tog‘risidagi qo‘shma dekloratsiya, xalqaro raddiya huquqi tog‘risidagi konvensiya hamda mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo‘llab quvvatlash to‘g‘risida Vendxuk dekloratsiyasi to‘liq holda va ilk bor o‘zbek tilida chop etildan.
Ikkinchi bobda esa YXHT, Yevropa kengashi, Amerika davlatlari tashkiloti, Afrika davlatlari tashkiloti va MDH mintaqaviy hujjatlarining so‘z, fikr va axborot erkinligi bilan bog‘liq normalari taqdim etilgan.
Uchinchi bob nohukumat yo‘nalishidagi xalqaro anjumanlar va nodavlat tashkilotlar qabul qilgan so‘z, fikr va axborot erkinligiga taaluqli xalqaro xuquqiy hujjatlardan iborat.
To‘plam huquqshunoslar, jurnalistlar va sohaga qiziquvchi barcha kitobxonlarga mo‘ljallangan.
Taqdimot jurnalistlar huquqiga doir bahs munozaralarga ulanib ketdi. Tadbir doirasida “Inson huquqlari kutubxonasi” turkumida nashr etilgan “Inson huquqlari bo‘yicha atamalar lug‘ati” va “Saylov huquqi atamalar lug‘ati” ham taqdim etildi. Yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.