So‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi
Milliy matbuot markazida “So‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi” mavzusida seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilan mazkur seminarda uyushma raisi Olimjon O‘sarov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida tilga olingan jurnalistika hamda so‘z erkinligi mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Prezident o‘z nutqida:
“Mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish uchun so‘z va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta’minlash borasida muhim chora-tadbirlar hayotga tadbiq etilmoqda. Albatta, bunday ochiqlik va oshkoralik sharotida ishlash, o‘z faoliyatiga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarni to‘g‘ri qabul qilish eskicha qoliplar bilan yashayotgan ayrim amaldorlarga yoqmasligi ham mumkin. Lekin, bundan qat’iy nazar, biz bu yo‘lni davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz va uni izchil davom ettiramiz!”, — deya alohida ta’kidlab o‘tgani, qolaversa, bunda jurnalistlardan talab etiladigan mas’uliyat xususida fikr almashildi.
O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi: OAV rolini kuchaytirishning dolzarb masalalari” mavzusida ma’ruza qildi. Professor o‘z ma’ruzasida jurnalistikaning bugungi kundagi og‘riqli masalalari yuzasidan fikr bildirdi hamda ularning bir nechtasiga yechim sifatida o‘z takliflarini ham keltirib o‘tdi.