Ta'til maroqli o‘tmoqda
Yozgi taʼtil chog‘ida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 211-А umumtaʼlim maktabida tashkil qilingan sog‘lomlashtirish oromgohi o‘g‘il-qizlarning sho‘x-shodon hayqiriqlariga to‘la. Yozgi taʼtilni «Brigantina» sog‘lomlashtirish maydonchasida o‘tkazayotgan yoshlar bu yerda maroqli dam olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanmoqdalar.
Maktab maʼmuriyati «Brigantina»da o‘quvchilar taʼtilni mazmunli o‘tkazishlari bilan bog‘liq ishlarni jadval asosida tashkil etdi. Sog‘lomlashtirish maydonchalarida qiziqarli va quvnoq sport o‘yinlari, “Kitoblar olamiga sayohat”, “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvlari, “Chaqqon uy bekasi”, chet tillari va ashula-raqs to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusda aks etgan g‘oyalarni o‘quvchilar ongiga singdirish maqsadida Olmazor tumanidagi «G‘alaba» bog‘iga sayohat uyushtirilgani bolalarda katta taassurot qoldirdi. Ular O‘zbekistonda yashaydigan turli millat vakillarining urush yillaridagi jasoratlarini, urushdan keyingi mehnatlari samarasini dildan his qilib, bugungi tinchlik-totuvlikning qadriga yetish, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lish g‘oyat zarurligi xususida o‘zlari xulosa chiqarib olishdi.
Yaqin kunlarda “O‘zbekiston tarixi” va “Tabiat” muzeylariga va shahrimizdagi boshqa diqqatga sazovor joylarga o‘quvchilar uchun sayohatlar uyushtirish rejalashtirilgan. Bunday madaniy-maʼrifiy tadbirlar yoshlar tarbiyasiga ijodiy taʼsir ko‘rsatishi shubhasiz.
Lobar QO‘LDOShEVА,
maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari