Tadbirkor maktab qurdi
Jizzax shahriga ko‘rk bag‘ishlab turgan 18-umumta’lim maktabining yangi binosi sahovatpesha tadbirkor tomonidan homiylik asosida qurildi.
Ushbu maktab 1910-yilda tashkil etilgan bo‘lib kapital ta’mirga muhtoj xolatga kelgandi. Maktabning sobiq bitiruvchisi Jizzax shahar “Agro Standart Plyus”MChJ raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Garik Badalyanning homiyligida yangi maktab binosi qurib foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy me’morchilik asosida bunyod etilgan 5 qavatli muhtasham bino 640 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Ta’lim maskanida kompyuter, ingliz tili, rus tili matematika xonalari me’yoriy talablar asosida jihozlangan. Sport zal, minifutbol maydoni bolalar ixtiyorida. Faollar zali, 120 o‘rinli oshxona va kutubxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
— Yangi o‘quv dargohida 925 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, — deydi maktab direktori, tuman kengashi deputati Nigora Asqarova. — Ta’lim jarayoni kabinet sistemasida olib boriladi. Kimyo biologiya, fizika xonalari laboratoriya jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan. 86 nafar pedagog xodim o‘g‘il-qizlarga ta’lim-tarbiya bermoqda.
Yangi maktabning ishga tushirilishi chinakam bayramga aylandi. Tantanali ochilishda ishtirok etgan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov kutubxonaga kitoblar sovg‘a qildi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti hamda Hindiston davlatining “Sabraham” texnologiya instituti filialining vakillari qatnashib, mamlakatimizda ta’lim sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni alohida e’tirof etdi.
Abdusattor SODIQOV