Tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” davom etmoqda.
Ushbu oylik doirasida Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi yoshlar o‘rtasida “Yilning eng faol yosh xalq ta’limi xodimi” ko‘rik-tanlovi tashkil etib o‘tkazib kelinmoqda.
Do‘stlik tumanida ham xalq ta’limi tizimidagi yosh xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlarning faolligi, ijodiy qobiliyati va tashabbuskorligini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar orasidan yuksak kasb mahoratiga ega bo‘lgan, fidoyi soha mutaxassislarini tanlash, ularning zamonaviy imidjini yaratish va keng targ‘ib qilish maqsadida 30 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlar o‘rtasida joriy yilning 18 iyun kuni ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.
Tanlov Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilib, bu tanlovga ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 20 nafar ijodkor yosh xodimlarning Nizom asosida loyihalari va ish hujjatlari taqdim etildi.
Ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan yosh xodimlar “Mening g‘oyam” mavzusidagi konseptual loyihalari bilan ishtirok etishib, loyihaning vazifasi, amalga oshirish yo‘llari va bosqichlari, kutilayotgan natija, loyihada shaxsan o‘zlarining ishtiroki, yosh xodimlarning AKT va xorijiy tillarni bilishi, oxirgi yillarda erishgan yutuqlari hakamlar hay'ati tomonidan baholandi.
Tanlov yakuniga ko‘ra tumandagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi H.Ibragimova barcha shartlar bo‘yicha eng yuqori ball to‘plab, 1-o‘rinni egalladi va ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Faxrli 2-o‘ringa 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika va astronomiya fani o‘qituvchisi O‘.Majidov va 3-o‘ringa 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi T.Ergashevlar sazovor bo‘lishdi.
G‘oliblar tuman xalq ta’limi bo‘limi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Do‘stlik tuman xalq ta’limi
bo‘limi mudiri o‘rinbosari: S.TOG‘AYEV