Til bayramini milliy iftixor bilan nishonlaymiz
Bugun Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida “O‘zbek tili bayrami kuni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Sentabr oyi davomida markazda malaka oshirayotgan o‘qituvchilar uchun o‘tkazilgan ushbu tadbir Respublikamizda keng nishonlanajak 21-oktabr — til bayramining ochib berilishi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu tadbirni Toshkent shahar XTXQTMOM direktori Abdulla Ibrohimov ochib berib, ona tilimizning rivojida maktab o‘qituvchilarining katta roli bor ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek mehmonlar orasida Xoreografiya oliy maktabi professori Ravshan Jomonov, filologiya fanlari nomzodlari R.Jumaniyozov va G‘ofur Eshmonov so‘zga chiqib, notiqlik san’ati va tilimizdagi qonun va imlo dolzarbligi hususida so‘z yurutdilar.
Tadbir davomida ustozlar va ularning shogirdlar tayyorlagan she’r, sahna ko‘rinishi va raqslar namoyish etildi .
— O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunni bir oy avvaldan nishonlashimizning asosiy sababi bor, — deydi filologiya fanlari nomzodi G‘ofur Eshmonov. — Shu yerda malaka oshirayotgan ustozlar kelgusida huddi bugungiday ma’rifiy tadbirlarni o‘zlari faoliyat olib borayotgan maktablarda ham o‘tkazishlari uchun bu tadbir bir namuna bo‘ladi deb o‘ylaymiz. Malaka oshirish kursida o‘qiyotgan tinglovchilarimiz uchun bugun tadbirda qatnashgan professor ustozlardan ko‘plab yangi bilim va ma’lumotlarni olishdi, nazarimda.
Mohlaroyim YO‘LDOSHXO‘JAYEVA,
O‘zDJTU talabasi