Turkiyada darslar qachondan boshlanishi ma’lum qilindi
Turkiya Milliy ta’lim vaziri Mahmut O‘zer: “Zilziladan zarar ko‘rgan 10 viloyatda chodir markazlari, yotoqxonalar va konteyner markazlari kabi turar joylarni ko‘chma ta’lim doirasiga kiritdik”.
Milliy ta’lim vaziri Mahmut O‘zer, zilziladan keyin amalga oshiriladigan ta’lim jarayonlari haqidagi savollariga javob berdi. U o‘z bayonotida 20-fevral kunidan boshlab 71 viloyatda maktabgacha va o‘rta ta’lim darajasidagi barcha maktablar ochilishini aytib o‘tdi. Ikkinchi chorakda 10 viloyatdagi barcha sinf va darajalarda davomat talab qilinmasligini bildirdi.
“Biz o‘quvchilarni maktablariga bepul olib borib, keyin yana yashash joylariga qaytaramiz”
Vazir: “Zilziladan jiddiy zarar ko‘rgan 10 viloyatda 3 million 784 ming 411 o‘quvchi, 212 ming 992 o‘qituvchimiz bor. Biz chodir markazlari, yotoqxonalar va konteyner markazlari kabi turar joy joylarni ko‘chma ta’lim doirasiga kiritdik. Ya’ni, bu yerdagi o‘quvchilarimizni maktablariga bepul olib boramiz. Ularni issiq ovqat bilan ta’minlaymiz va keyin yana yashash joylariga qaytaramiz. Agar ota-onalar xohlasa, farzandlarini boshqa viloyatlardagi maktablarga o‘tkazishi mumkin.”
Mahmut O'zer 10 viloyatda bolalar uchun psixo-ijtimoiy yordam, o‘yin va faoliyat chodirlari qurganliklarini ma’lum qilib, “hozirgacha 355 ta chodir qurdik. Ularda maktabgacha ta’lim tarbiyachilari, o‘qituvchilar va psixologik maslahatchilar xizmat qila boshladilar,” dedi.
Shuningdek, maktablar ochilmagani uchun sohada ishlaydigan 212 mingdan ortiq o‘qituvchi ta’tilda ekanligini bildirib: “barcha ustoz va murabbiylar zilzila tufayli ta’lim to‘xtagan kunlarda ham maoshlarini to‘liq oladilar", deya ta’kidladi.
“Muammo hal boʻlgan tuman va viloyatlarda taʼlimni darhol yoʻlga qoʻyamiz”
Zilzila sodir bo‘lgan 10 viloyatda vazirlikka qarashli 20 868 ta binodan 24 tasi vayron bo‘lganini ta’kidlagan vazir, qo'shimcha qildi:
“Qolgan barcha binolardagi zararni aniqlash ishlari fevral oyi oxirigacha yakunlanadi. Shu sababdan 10 viloyatda taʼlimni 1-martgacha toʻxtatdik. Xuddi pandemiyada bo‘lganidek, viloyatlar bo‘yicha emas, muammo hal bo‘lgan tuman va viloyatlarda darhol ta’limni boshlaymiz. Bu hududlarda dual ta’lim variantidan ham faol foydalanamiz.”
Xabarga ko‘ra, zilzila yuz bermagan viloyatlarda darslar 20-fevraldan, zilzila bo‘lgan hududlarda esa zarar ko‘rmagan binolarda 1-martdan boshlanishi ko'zda tutilgan.
Binolari yaroqsiz holga kelgan joylarda esa darslar 1-martdan chodir va konteynerlarda olib boriladi.
Manba: Turkiya Milliy Ta’lim Vazirligi rasmiy sahifasi