Universitet ta’lim jarayonlariga start berildi
Universitet ta’lim jarayonlariga start berildi
2023-yil 1-fevral Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasi va talabalari uchun unutilmas kun, sababi mazkur sanadan e’tiboran universitet ta’lim jarayonlariga start berildi.
Shu kunlarda yangi avlod muhandis texnologlarini tayyorlashni maqsad qilgan va ta’lim jarayonlarida sifatni oliy mezon sifatida belgilagan Samarqand xalqaro texnologiya universitetida bilim va yangilikka tashna yoshlar orasidan eng munosib nomzodlar talabalikka tanlab olindi.
Darslar avvalida talabalarga universitet jamoasi hamda xorijlik professor-o‘qituvchilar tarkibi: SXTU birinchi prorektori italiyalik professor Joseph Sapienza, tillar markazi direktori Janubiy Afrikalik professor Annamarie Basson, axborot texnologiyalari markazi direktori Hindistonlik professor Muhammad Gouse Galety, tayyorlov maktabi direktori AQSH lik professor Ivy Silverman hamda talabalar ishlari bo‘yicha dekan Polshalik professor Dorota Sylwia Majewiczlar tanishtirildi. Shuningdek, har bir modul bo‘yicha fanlarning taqdimotlari o‘tkazilib, talabalarga o‘quv rejaga kiritilgan fanlarning zarurati xususida ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari, universitetda Janubiy Koreyalik professor, Ipak yo‘li universitetlar tarmog‘i direktori Xvang Sung Don boshchiligida Koreya texnologiya va madaniyat kolleji tashkil etilganligi e’lon qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, universitetda bahorgi semestrda Tadbirkorlik va menejment hamda Axborot texnologiyalari ta’lim yo‘nalishlariga 35 nafar talaba qabul qilindi. Kuzgi semestrda esa talabalar uchun neft-gaz muhandisligi, kimyo muhandisligi, konchilik ishi, geologiya va geologiya muhandisligi, elektrotexnika kabi yo‘nalishlari ochilishi ko‘zda tutilgan.