Ustoz e'zozi
Bola iste’dodi ro‘yobi
Yashnobod tumanidagi 215-maktabda “Ustoz va murabbiylarni e’zozlaymiz!” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi. Dastavval boshlang‘ich sinf o‘quvchilari “Besh tashabbus” doirasida o‘zlarining ijodiy chiqishlarini namoyish etishdi.
“Bolani boshidan” deganlaridek, o‘quvchining bilim olishga qiziqishi, kelajakdagi saviyasi, salohiyati, kamolga yetish imkoni ham, xullas, bola ongida munosabat tamal toshi boshlang‘ich sinflarda qo‘yiladi. — Mustaqil fkirli, dunyo qarashi keng, komil insonlar boshlang‘ich sinflarda shakllanadi, — deydi maktab direktori Noila opa Rahimova, — shuning uchun biz boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga alohida talab qo‘yamiz, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari saviyasi yuksak bo‘lishiga e’tibor qaratamiz, ular mudom o‘z ustilarida ishlab, malakalarini oshirib borishadi. Aks holda tezkor zamonda, davr bilan hamnafas bo‘lmasa, axborot asrida vazifasini talab darajasida uddalay olmaydi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari: metod birlashma rahbari Rahmatova Gulsara; Saidvaliyeva Zarifa, Qurbonova Kamola, To‘xtayeva Mavluda, Yusupova Ziyoda, Gulfanova Gulshod, Yo‘ldosheva Shahzoda, Karimova Kamolalar kabi yuksak saviyali ustozlardan ta’lim olayotgan 2-, 3- va 4- sinf o‘quvchilari tadbirga tashrif buyurgan o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar va mehmonlar e’tiboriga sahna ko‘rinishlarini namoyish etdilar, ustozlarning zahmatli va shu bilan birga sharafli mehnatlarini ulug‘lovchi she’rlarni ifodali yod aytishdi. Gimnastika mashqlari, sport mashg‘ulotlaridan namunalar namoyish etishdi, ustozlarini sidqidildan muborakbod etdilar.
Yuqori sinflar o‘tkazgan tadbirni uyushtirgan tashkilotchi Sayyora Islomova uddaburonligi tadbirning jonli, qiziqarli chiqishini ta’minladi. 7 a -sinf o‘g‘il bolalarning “Andijon polkasi” ga tushgan raqslari shijoat bilan diqqatni tortsa, qizlarning raqs ijrosi jozibadorligi bilan tamoshabinlarni o‘ziga jalb etdi. Tadbir boshidanoq 7 a -, 5 b -sinf o‘quvchilari ustozlarning sharafli mehnatlarini madh etuvchi dilbar qo‘shiqlarda mahorat bilan ijro etishdi. 7 a -sinf qizlari xushovoz xonanda Botir Qodirov ijrosidagi “Andijon polkasi” musiqasiga hamohang “O‘zbek do‘ppisi” qo‘shig‘iga chiroyli raqsga tushdilar. 6-sinf qizlari ham raqs ijrosi barobarida latofat, nazokat kabi fazilatlarni namoyon etishdi.
Rang-barang she’rlar o‘qigan o‘g‘il-qizlar chiqishlari buyuk ajdodlar siymolari aks etgan sahna ko‘rinishlari bilan o‘rin almashib turdi. Tadbir so‘nggida maktab direktorining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sayyora opa Ochilova ustozlarni maktab ma’muriyati nomidan kasb bayrami bilan muborakbod etdi. Maktab rahbarining ma’naviyat bo‘yicha o‘rinbosari Muzaffar Ilashevning ham maslahatlari tadbir jonli, qiziqarli o‘tishida alohida mavqega ega bo‘ldi.
Bahrom G‘OYIB,
215-maktabning ijodiy-madaniy ishlari bo‘yicha targ‘ibotchisi