Ustozlarimni tanitgan gazeta
1991-yil kuz oylarida gazeta sahifalarida (o‘shanda u “O‘qituvchilar gazetasi” deb nomlanardi) “Mohiyatga intilgan qalb” degan katta hajmli maqola e’lon qilindi. Maqola o‘zbek tilshunosligi va ona tili ta’limini yangilash muammolari, uning yalovbardori, atoqli olim va metodist Hamid Ne’matov haqida edi. Men bungacha ustoz haqida og‘izdan og‘izga o‘tib yuruvchi gaplarnigina bilar, aniq va tizimli ma’lumotga ega emasdim. Maqolani hayrat bilan o‘qib chiqdim va ushbu sonni haliyam o‘qiyman. Gazeta menga ustozim shaxsi haqida to‘laqonli ma’lumot berdi, deb aytaman. Ustoz tanlash bosqichida turgan, hali “oyoqlangan qo‘ziday” dovdirab yurgan mendek talabgor uchun bu maqola hayot yo‘limda mayoq, qo‘limga berilgan kompos vazifasini o‘tadi. Bir qarorga keldim va ustoz huzuriga yo‘l oldim. Hamma Toshkentga ustoz izlab ketayotganda men Buxoroga jo‘nadim. Gazeta meni adashtirmadi. Ustoz desa ustoz, pir desa, pir degulik insonni topgan edim.
Butun dunyoga mashhur turkiyshunos A.N.Kononov va faylasuf tilshunos S.N.Ivanovlarning shogirdi — Hamid Ne’matov o‘zbek tilshunosligi, turkologiya, umumiy tilshunoslik nazariyasi rivojiga, til tadqiqotlari va ona tili ta’limi sifatini yanada yuqoriroq bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgan olim edi.
Hamid Ne’matov o‘zbek tili tadqiqotlarini lison – nutq dixotomiyasi asosida olib borishga, buning uchun har qanday taraqqiy etgan fanda bo‘lgani kabi, umumiylik – xususiylik, imkoniyat – voqelik, mohiyat – hodisa kabi, falsafa va dialektik mantiq kategoriyalari bilan qurollanishga da’vat etdi. Shundagina murakkab tabiatli lison(imkoniyat, mohiyat, invariant, abstrakt tizim)ni nutq (xususiylik, variant, hodisa) orqali
tushunish mumkinligini uqtirdi.
Ma’lumki, tahlil va umumlashtirish tilshunoslikning tayanch usullaridir. Odatda, o‘zaro uzviy bog‘liq, bir-birini shartlovchi bu usullardan biri har bir fanning muayyan davrida nisbatan yetakchilik qiladi. XX asrning 70-yillarigacha bo‘lgan o‘zbek tilshunosligida tahlil usuli ustuvor edi. Bu davrda o‘zbek tili tizimi (butunligi) qismlarga, qismlar yana qismlarga ajratilib, ikkilik zidlanishlariga qo‘yilib, tashkil etuvchi birliklar, kategoriyalar, mikrosistemalar aniqlandi va ularga formal mantiq metodologiyasi asosida tavsiflar berildi. An’anaviy tilshunosligimiz shu yo‘sinda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. 80-yillardan boshlab tilshunosligimizda sintez metodi yetakchiligiga, avvalgi davrda ajratilgan qismlarni butunlashtirish, tashkil etuvchilarning o‘zaro munosabati, strukturaning funksiyalarini aniqlash, semantik-grammatik maydonlar muammolari yoki sintez metodiga asoslangan sistemaviy tilshunoslik masalalari shakllana boshladi. Buni o‘z vaqtida ilg‘agan Hamid Ne’matov sistem-struktur tilshunoslikning g‘oyalari, tushunchalari, metodologiya va metodlarini targ‘ib qila boshladi va bu oqimning o‘zbek tilshunosligidagi yetakchisiga aylandi. Shu yillari gazetada Hamid Ne’matovning qayta qurish strategiyasi va o‘zbek sinxronik tilshunosligining dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan katta maqolasi e’lon qilingan va unda o‘zbek milliy tilshunosligining tamal toshlari, zamonaviy milliy ona tili ta’limining poydevori qo‘yilgan edi.
Professor Hamid Ne’matov o‘zbek tilining gap qurilishini lison (imkoniyat) – nutq (voqelik) zidlanishi va sistemaviylik tamoyilidan kelib chiqib, gapning eng kichik qolipi (Wpm) va uning kengaytiruvchilari nazariyasini yaratdi. Bu o‘zbek milliy grammatikasi taraqqiyotida muhim voqelik edi va ushbu nazariya rivojlantirilib bugun millatimiz faxrlansa arzigulik, dunyoda o‘xshashi yo‘q ta’limotga aylandi.
Hamid Ne’matov shogirdlari bilan sistem leksikologiya sohasida keng ko‘lamli tadqiqotlarni olib bordi. Natijada so‘zlarning giperonimik, partonimik, funksionimik, graduonimik kabi munosabatlari, leksik-semantik qatorlar, maydonlar aniqlandi va tilning markaziy birligi bo‘lgan so‘zning mohiyati tomon yanada chuqurroq kirishga harakat qilindi.
Hamid Ne’matov o‘z maslakdoshlari va shogirdlari bilan substansial oqimni shakllantirishga harakat qildi. Bu yo‘nalishning mohiyati, unda til birligining ichki mazmuni tashkil etuvchilariga katta ahamiyat beriladi, har bir mikroelementning xususiyatlari o‘rganilib, uning o‘z butunligi (til birligi) faoliyatida tutgan o‘rni, hissasi, imkoniyatlari kabilar aniqlanadi. Substansial oqimning tadqiq obyekti til birligidagi imkoniyatning voqelikka, lisondan nutqqa yo‘nalishi masalasidir. Shu bois ushbu oqimda qolip (model), formula, invariant tushunchalari yetakchilik qiladi hamda logik, psixolingvistik, kognitiv, ekstralingvistik omillar bilan ish ko‘riladi. Professor Hamid Ne’matovning ko‘rsatishicha, o‘zbek tilshunosligida bundan keyin bajariladigan tadqiqotlarning taraqqiyoti tilshunoslarning zamonaviy gnoseologiya, dialektik mantiq, dialektik falsafa, tabiiy fanlarning metodologik asoslarini bilishlari va ularni til tadqiqotlariga tatbiq eta olish darajasiga ham bog‘liq.
Hamid Ne’matov o‘zbek tilshunosligi va turkologiyaning taraqqiyotini belgilab beruvchi istiqbolli dasturlar ham qoldirib ketdi. Uning leksik mikrosistema hamda turkiy tillar sintaksisini o‘rganishga oid ilmiy-nazariy dasturlari shular jumlasidandir.
Professor Hamid Ne’matov ona tili ta’limining tom ma’nodagi jonkuyari edi. Bu borada gazeta ustoz uchun sevimli va bag‘rikeng minbarga aylandi. U mustaqillik bo‘sag‘asida RUMS Respublika ta’lim markazining yetakchi mutaxassisi maqomida “Ma’rifat”da ona tili ta’limi mazmuni, maqsadi, usuli va vositalarini o‘zgartirishga oid bahs-munozaralar tashkil etishga boshchilik qildi. Natijada ona tili ta’limiga respublika o‘qituvchilarining nuqtayi nazarlarini ifodalovchi “O‘qituvchi”, “Ijod”, “Induktiv” kabi yangi muqobil dasturlar yaratildi va u tuman, shahar, viloyat, respublika bosqichlarida muhokama etildi hamda bunda H.Ne’matov yetakchiligida tayyorlangan “Induktiv” dasturiga katta ishonch bildirildi.
Gazeta dolzarb ilmiy-metodik muammolarni izchil hal etib borish uchun “O‘zbek tili” doimiy anjumani ta’sis etishda ustozga yaqindan ko‘makdosh bo‘ldi. Ushbu har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan anjumanga professor Hamid Ne’matov o‘n yildan ortiq raislik qildi. Natijada maqsadga muvofiq ta’lim standartlari (DTS), darsliklarning yangi avlodi vujudga keldi. H.Ne’matov g‘oyasi amalga oshib, ona tili ta’limi induksiyadan deduksiya tomon amalga oshirila boshladi.
Hamid Ne’matov yetakchiligida yaratilgan maktab darsliklari va qo‘llanmalar yangiligi, mantiqiyligi, yuksak didaktik ko‘rsatmalarga boyligi bilan ajralib turadi. Muallifning maslakdoshlari bilan yaratgan oliy ta’lim darsliklari hozirgi lingvistikaning so‘nggi yutuqlarini aks ettirganligi, bo‘lg‘usi ona tili o‘qituvchilarining falsafiy-mantiqiy mushohadalarini ham oshirishga qaratilganligi bilan qimmatlidir. Ustoz ona tili ta’limida amalga oshirilgan islohotlarda gazetaning rolini minnatdorlik bilan eslar edi.
Bugun ustoz oramizda yo‘q. Ammo uning g‘oyalari yashovchanligiga “Ma’rifat” gazetasi faoliyati misolida amin bo‘lib turibman. Boshqa o‘quv predmetlarini kamsitmagan holda aytishimiz mumkinki, ustoz izlaridan borgan ona tili o‘qituvchilari uchun gazeta har doim ta’lim muammolarini yorituvchi minbar ekanligini saqlab qoldi. Ta’limda eng ko‘p tanqid qilingan o‘quv predmeti “Ona tili” bo‘ldi. Tanqidlar natijasi o‘laroq bugun u eng ilg‘or sohaga aylanayotir. Albatta, bunda biz “Ma’rifat”dan qarzdormiz.
Ustoz Hamid Ne’matov g‘oyalari tantanasi uchun kuyib-pishib yurganimizda gazetada faoliyat ko‘rsatayotgan marhum (Olloh joylarini jannatdan qilsin) Mahmud Sa’diy jonimizga ora kirdi. “Ma’rifat” gazetasida ona tili ta’limi muammolariga bag‘ishlab yozilgan 20 ga yaqin maqolamiz ustoz Mahmud Sa’diy sharofati bilan dunyo yuzini ko‘rdi. Bugun ommalashgan grammatizmdan (grammatikadan emas) xoli ona tili ta’limi, oliy filologik ta’lim, o‘zbek tilining milliy korpusi haqidagi ilk fikrlarimizning omma e’tiboriga havola etilishida bu jannati insonning qo‘llab-quvvatlashlarini unutib bo‘larmidi! Har bir so‘z, har bir jumlamiz u kishining nazaridan o‘tar, ko‘nglidagidek bo‘lmaguncha qo‘yib yubormas edi.
Mahmud Sa’diy maqolalarimizga bildirilgan barcha – ijobiy va salbiy munosabatdagi materiallarni ham gazetada berar, “tayyor turgin, mana bunday munosabat-maqola ketyapti” deb ogohlantirib ham turar edi.
Ustozim Hamid Ne’matov ilmiy uslubim shakllanishiga ta’sir qilgan bo‘lsa (uslubimga nisbatan “дурак не поймёт, умный не спросит” degan iborani qo‘llardi), domla Mahmud Sa’diy uni sayqallashga ko‘mak berdi. Mahmud Sa’diygacha murakkab, “akademik” uslubda yozar edim va o‘quvchiga
ularni o‘qish malol kelar edi. Mahmud Sa’diy esa menda fikrimni ravon va tushunarli ifodalash ko‘nikmasini shakllantirdi. Shunday qilib, men ilmda Hamid Ne’matov, uslubda Mahmud Sa’diy “shinelidan chiqdim”. Ma’rifatga xizmatda esa “Ma’rifat” metin qo‘rg‘on bo‘ldi.
“Ma’rifat” ma’rifat tarqataversin. Ishonchim komil, ma’rifatga tashnalik bor ekan, gazeta uning bulog‘i bo‘lib qolaveradi.
Baxtiyor MENGLIYEV,
ToshDO‘TAU professori