“Uzluksiz kasbiy rivojlantirish – 2022”: kurs kontentlarini yaratish borasida o‘qituvchilarga seminar tashkil etildi
Bugungi zamon taraqqiyoti ta’lim tizimida muntazam yangilanishlar, islohotlar va istiqbolni ko‘zlagan loyihalarni amalga oshirilishini talab etadi. Xususan, yillar mobaynida muammolar to‘plangan malaka oshirish tizimi tubdan isloh qilinmoqda.
So‘nggi bir yil ichida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qator farmon va qarorlarda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimida yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirishning shakl va metodlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish, davriy ravishda amalga oshiriladigan malaka oshirishdan “hayot davomida o‘qish” tamoyiliga asoslangan uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimiga o‘tish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarning uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 22 ta fan o‘qituvchilari va umumta’lim maktablarining o‘quv-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari uchun uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslarini zamonaviy dasturlar asosida tashkil etishga qaratilgan
“Uzluksiz kasbiy rivojlantirish – 2022” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha ishtirokchilari mas’ul ishchi guruh tomonidan suhbat asosida saralab olindi.
Bugungi kunda loyihada 90 ga yaqin mutaxassislar faoliyat olib bormoqda.
Loyiha doirasida zamonaviy ishchi o‘quv reja va dasturlari, maktablarda nizolarni hal qilish va jinoyatchilikning oldini olish, shuningdek, o‘quvchilarni xavf guruhidan chiqarish uchun maktab o‘qituvchilari va psixologlari malakasini oshirish yuzasidan maxsus dasturlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 25 yanvardagi “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Kelajak maktabi, uning rahbari va o‘qituvchisining modelini yaratish” asosida xalq ta’limi rahbar va pedagoglari uchun “Kelajak maktabi liderlari” maqsadli kurslari ishchi o‘quv dasturlari (30 soatlik o‘zbek tilida) ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda loyihaning navbatdagi bosqichiga strat berildi. Professor-o‘qituvchilar uzluksiz kasbiy rivojlantirish malaka oshirish kurslariga yangicha mazmundagi video kotentlarni yaratmoqdalar.
Institutning loyiga mas’ul bo‘lim boshliqlari tomonidan "Uzluksiz kasbiy rivojlantirish - 2022" loyihasi davomida saralab olingan pedagog o‘qituvchilar bilan seminar trening tashkil etildi.
Seminar-treningda fanlardan kontent materiallarni tayyorlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Pedagog-o‘qituvchilarga videokontentlarni suratga olishda asosiy e’tibor fanni o‘qitish metodikasiga, o‘quvchilarning o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan mavzularni ochib berishga, shuningdek, videotasvirga olish jarayonida mikrafon, kamera bilan ishlash hamda nutq ravonligiga va imidjga alohida ahamiyat berish lozimligi ta’kidlandi. Loyiha doirasida ishlar davom etmoqda, navbatdagi postlarimizda loyiha ishtirokchilari, pedagog-o‘qituvchilari bilan suhbat tashkil etish rejalashtirilgan.