Vazir va maktab rahbarlari muloqoti
Bugun poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab binosida O‘qituvchilar assosiasiyasi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Kasaba uyushmasi tomonidan ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova va poytaxtdagi 350 ta umumta’lim maktab direktorlari ishtirok etdi.
Maktab bugun har qachongidan bayramona tus olgan. Gullar bilan bahoriy ko‘rinishda bezatilgan saxnada kuy-qo‘shiq yangrab, pedagoglar Navro‘zni xushchaqchaq kutib olishdi.
Dastlab, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bilan kechgan m uloqotda o‘qituvchilar so‘zga chiqib, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish borasidagi muhim vazifalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, bitiruvchilarni har tomonlama ijtimoiy hayotga tayyorlash, kasb-hunarga yo‘naltirish borasida maktab direktorlarining mas’uliyatini yanada oshirish bo‘yicha ham so‘z bordi.
Qayd etilganidek, vazirlik tizimidagi barcha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz muhitni shakllantirish, shu bilan birga zamonga moslasha oladigan, ta’limda innovatsiyalar qilishga qodir zamonaviy pedagog kadrlar, mas’ul rahbarlar guruhini shakllantirish bo‘yicha ishlar izchil olib borilmoqda.
Uchrashuvda zarur kasbiy kompetensiyalarga ega bo‘lgan, o‘zgarishlarga moslashuvchan, jamiyatda yuksak qadrlangan, kuchli motivasiyaga ega, emotsional barqaror o‘qituvchi va maktab rahbarlar zarur ekanligi, tizimda o‘qituvchi kasbining nufuzi va pedagoglarning sifat tarkibini yaxshilashga asosiy ustuvor vazifa sifatida qaralayotgani ta’kidlandi.
Aytish lozimki, jamiyat rivojini keng fikrga ega hamda bilimli insonlar belgilaganidek, ta’lim sifati va rivojini ham zamonaviy, keng tafakkurli rahbar hamda o‘qituvchilar belgilaydi.
Muloqot davomida kuni kecha e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuni loyihasiga doir muhim fikrlar ham o‘rtaga tashlandi.
Xususan, loyiha matnining 50- va 52-moddalarida:
davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi;
alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar inklyuziv ta’lim va tarbiya bilan ta’minlanishi;
davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi kabi dolzarb jihatlar tilga olingan.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan mavzuga doir berilgan turli savollarga vazirlik rahbariyati tomonidan atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.