XTVning muhim vakolatlaridan biri tugatiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida maktab ta’limi islohotining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Eng avvalo, kelgusi besh yilda 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratilishi lozim. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilning o‘zida 527 ta maktabni qurish va rekonstruksiya qilishga 2,5 trillion so‘m ajratildi. Bu mablag‘ yanada ko‘paytiriladi.
«Bir narsani aniq tushunish kerak. Yangi qurilayotgan va ta’mirlanayotgan maktablar ham o‘quvchilar, ham pedagoglar uchun qulay va moslashuvchan bo‘lishi kerak. Yangi qurilayotgan maktablarda quyosh paneli va issiq suv kollektori albatta bo‘lishi shart».
Bu ishlar bilan endi joylarda viloyat, shahar va tuman hokimlari shug‘ullanadi. Bugundan boshlab Xalq ta’lim vazirligining qurilishga buyurtmachi bo‘lish vakolati tugatiladi.
Mutasaddilar va viloyat hokimlariga bir oy muddatda yangi talablardan kelib chiqib, «namunaviy maktab» loyihalarini taqdimot qilish topshirildi.
«Endi yangi maktablar mahalla faollari, ota-onalar va jamoatchilik nazorati ostida quriladi va foydalanishga qabul qilinadi», dedi davlatimiz rahbari.