Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman
ROMAN-GERMAN TILLARINING DOLZARB MUAMMOLARI” MAZUIDA XALQARO ILMIY-AMALIY ANJUMANI O‘TKAZILDI
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi doirasida ta’lim, ilm-fan va innovasion faoliyat sohalarida samarali hamkorlikni rivojlantirish va kuchaytirish hamda iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga yanada qiziqtirish maqsadida, 2022-yilning 28-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida, universitetning “Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish” bo‘limi, “Ispan tili amaliy fanlar” kafedrasi hamda FVV Akademiyasi “Tillar” kafedrasi bilan hamkorlikda “Roman-german tillarining dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili tog‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, pedagogika fanlari doktori, professor O.Jamoldinova, Ispaniya, Meksika hamda Paragvay kabi xorijiy davlatlar universitetlari professorlari, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilari, magistrantlar va iqtidorli talabalar, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi professor-o‘qituvchilari va kursantlar hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ulug‘bek Azizov ochib, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar, iqtidorli talabalarni aniqlab, ularga zamonaviy shart-sharoitlar yaratilayotgani, o‘z sohalari bo‘yicha ijodiy va mustaqil dunyoqarashini shakllantirilayotgani hamda xorijiy davlatlarning turli sohadagi bir qator mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlik qilinayotgani xususida ta’kidlab o‘tdi.
Anjuman doirasida talaba yoshlar tomonidan bir qator qiziqarli chiqishlar, ispancha raqs-kuylar ijro etildi, shuningdek, FVV Akademiyasi kursantlarining harbiy sohadagi ko‘rgazmali chiqishlari va chet tillarida mohirona ijro etilgan kuy-qo‘shiqlari anjuman qatnashchilarida iliq taassurotlar qoldirdi.
Anjuman yakunida tashkilotchilar tomonidan anjumanga tashrif buyurgan mehmonlarga va faol qatnashgan yoshlarga tashakkurnoma, sertifikatlar va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
— Nufuzli xorijiy davlatlarning professor-o‘qituvchilari ishtirokidagi mazkur xalqaro anjumanda ishtirok etayotganimdan bag‘oyat xursandman va men tashkilotchilarga anjumanni yuqori saviyada tashkil etilgani uchun o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman deydi — Ispaniyalik mutaxassis Xose Enrike Godines — bunday uchrashuvlar va anjumanlar zamirida yoshlarni ilm-fan va zamonaviy innovasion texnologiyalar asosidagi ilmiy-tadqiqot ishlariga yanada qiziqtirish hamda ularning iste’dodlarini namoyon qilish yotadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Podpolkovnik Malohat BADALBAYeVA,
FVV Akademiyasi katta o‘qituvchisi