Xotira abadiy
Qatagʻon qurbonlari xotirasi abadiy boʻlishi, ularning asarlari esa keng oʻrganilishi lozim
Qatagʻon qurbonlari degan soʻzni har doim eshitganimizda tariximizning mashʼum davrlaridan biri yodimizga tushadi. Ayniqsa, oʻtgan asrning 30-50 yillarida boʻlgan mislsiz qatagʻonlarda yurtimizning oqillari, olimlari, adiblari, ulamolari qamaldi va qatl etildi. Bir soʻz bilan aytganda nafaqat Oʻzbekistonda balki, sobiq sovet tarkibidagi koʻplab davlatlarda bu kabi ommaviy qatagʻonlar avj oldi.
Qatagʻon qurbonlarining asarlari yoʻq qilindi. Ushbu asarlarni oʻqigan, oʻrgangan odamlar esa “xalq dushmani” sifatida talqin etilib jazolandi.
Barchamizga maʼlum 4-oktyabr Oʻzbekiston tarixidagi eng qora kunlardan biri hisoblanadi. 1938-yilning aynan shu kunida oʻzbekning asl farzandlariga otuv hukmi oʻqilib, hukm shu kunning oʻzida ijro qilingan.
Manbaalarda keltirilishicha Harbiy kollegiyaning 1938-yil 4-oktyabrdan boshlangan sayyor yigʻilishlarida oktyabr oyining oxirigacha jami 500 dan ortiq oʻzbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm chiqarildi. Umuman olganda, 1930-1956-yillarda SSSR boʻylab 20 million kishi GULAGga tashlangan. Ulardan 2 millioni nobud boʻlgan.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan “Qatagʻon qurbonlari” hotirasini abadiylashtirish, ularni yod etish boʻyicha amaliy ishlar qilindi. Qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. 1991-yilda A.Qodiriy, A.Fitrat, F.Choʻlpon kabi zamonaviy oʻzbek adabiyotining rivojiga hissa qoʻshgan adiblarimiz Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Yurtimizda qatagʻon qurbonlari hotirasini abadiylashtirish maqsadida “Shahidlar xotirasi” jamgʻarmasi va “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi tashkil etildi. Hususan, Toshkent shahrida yashab ijod qilgan taniqli qatagʻon qurbonlari Xoji Muin, M.Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Gʻulom Zafariy, Elbek, Gʻozi Olim Yunusov, Otajon Hoshimov, Ziyo Said, Qori Yoqubov, M.Tursunxoʻjayev, Botu, Shayxzoda kabi fan arboblari va adiblarimizning koʻplab asarlari qayta nashr etildi.
Shu bilan birga ular koʻrsatgan jonbozliklar, yozgan asarlari bilan yosh avlodni keng tanishtirish maqsadida oʻquv yurtlarida darslar oʻtilmoqda. Ular tomonidan yozilgan asarlar yurtimiz kutubxonalarida saqlanmoqda. Kitobxonlar bugungi kunda ushbu asarlardan keng foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari koʻplab asarlar qayta tiklandi va yangidan nashr qilinmoqda.
Hozirda kutubxonalarimizda qatagʻon qurbonlari boʻlgan adiblarimiz, olimlarimiz va yozuvchilarimizning koʻplab asarlari, qoʻlyozmalari, “saylanma asarlari” saqlanmoqda.
Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazining kutubxona fondida ularning asarlari mavjud boʻlib, kitobxonlarimiz ulardan foydalanib kelmoqda. Bundan tashqari, “Bilim” axborot-kutubxona markazi tomonidan oʻquv muassasalarida, mahallalarda, turli tashkilotlarda qatagʻon qurbonlari hotirasiga bagʻishlangan madaniy – maʼrifiy va trgʻibiy uchrashuvlar muntazam tashkil etilib kelinadi. Shu oʻrinda, bir narsani alohida taʼkidlash lozimki, barcha fuqarolarimizni kutubxonamizga tashrif buyurishlari va fondimizdagi nodir adabiyotlardan foydalanishlari mumkin.
Albatta, bu ishlarning barchasi yoshlarimiz tarixning achiiq davrlarida xalqimiz boshidan kechirgan ogʻir kunlardan habardor boʻlishi, adiblarimizning asarlarini keng miqyosda oʻrganishi uchun amalga oshirilmoqda.
A. Turayeva, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazining ilmiy-metodika xizmati rahbari