“YASHIL MAKON” LOYIHASI DOIRASIDA KO‘CHAT EKISH MARAFONI
Bugun respublikamizning 14 ta oliy ta’lim muassasasi, jumladan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Chirchiq shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi vakillari, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi, Shuningdek, Rossiyaning xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, deputat, qator xalqaro musobaqalar g‘olibasi Rima Akberdinovna Batalovaning ishtiroki ham mazkur marafonning ahamiyatini yanada oshirdi!
Marafon davomida jami 10 500 ta ko‘chat ekish ko‘zda tutildi. Aynan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga ham 500 dona ko‘chat ajratilib, uni ekish jarayonlari qizg‘in boshlab yuborildi. Ushbu marafonning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, olib kelingan manzarali va buta ko‘chatlari oliygohning Talabalar turar joyi hovlisida bog‘ yaratish maqsadida o‘tqazildi va maxsus nomerlar bilan belgilab qo‘yildi.
Marafonda esa barcha birdek faol qatnashib, universitet hududini ko‘kalamzorlashtirish ishlariga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, butun respublikamiz bo‘ylab qaryib 40 kundan buyon davom etayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida shu kungacha oliygoh hududi hamda uning Kumushkon bazasidagi belgilangan joylariga 4324 dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi. Shulardan, 602 ta virigan archasi, 152 ta terak, 500 tup yong‘oq, 300 tup nok, 400 tup olxo‘ri, 639 tup olma va 718 tup o‘rik hamda 258 ta boshqa turdagi manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan ajratilgan 2 900 tup mevali daraxt ko‘chatlaridan 1 850 tupi universitetning Kumushkon bazasiga ekildi.
Ayniqsa, universitet talabalarning o‘zgacha ishtiyoq bilan yondashib, ularning tabiatga bo‘lgan mehrini ortishga sabab bo‘layotgan “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish jarayonlari hali davom etadi.