YIGITLARIMIZ ZO‘R O‘YNADI!
Jahon kubogida so‘nggi vakilimiz Nodirbek Abdusattorov uchun ham 1/16 final bosqichi oxirgi bosqich bo‘ldi. Tay-breykda raqibi ustunlik qildi.
Kecha Javohir Sindorov ham 4-bosqichda kurashni to‘xtatgan edi.
Ammo yigitlarimiz O‘zbekiston shaxmati tarixida yangi sahifa ochib bo‘lishdi. O‘zbek shaxmatchilari shu kunga dovur Jahon kubogi 1/16 bosqichiga chiqishmagan edi. Bu ishni hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan qorako‘zlar --- nodir iste'dod sohibi Nodirbek va o‘zbegimning javohiri Javohir uddaladi!
Yana --- musobaqaning 7-raqamli, FIDE reyting jadvalida 8-o‘rinda bo‘lgan Anish Girini Nodirbek Abdusattorov, 8-raqamli, FIDE reyting jadvalida 12-o‘rinda turgan Alireza Firuzjani Javohir Sindorov, 9-raqamli, FIDE reyting jadvalida 13-o‘rinni egallab turgan Lenyer Dominges Peresni Jahongir Vohidov musobaqadan chiqarib yuborib, o‘ziga xos sensatsiya ko‘tarishdi! Chunki Nodirbekning reytingi Girinikidan 142, Javohirning reytingi Firuzjanikidan 201, Jahongirning reytingi Domenges Peresnikidan 224 ball kam edi!
O‘zbek shaxmatining oltin avlodi, Jahon kubogi ishtirokchilari --- Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov keyingi xalqaro musobaqalarda, jumladan keyingi yili bo‘ladigan Jahon shaxmat olimpiadasida yuksak natijalarga erishishiga ishonamiz!
Yigitlar! 1992-yili erishilgan natijani yaxshilash vaqti keldi. Biz sizga ishonamiz!